Xitoy haqida yetti afsona

Avvalambor shuni qayd etish kerakki, hayotda mo‘’jiza degan so‘zning o‘zi g‘oyat nisbiy tushuncha hisoblanadi va g‘ayritabiiy holatni ifodalaydi. Xitoyda esa hech qanday g‘ayritabiiy hodisa ro‘y bergan emas. Shunchaki, mamlakat rahbarlari XX asr ikkinchi yarmida jahon miqyosida vujudga kelgan geosiyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatdan o‘ta mohirona ravishda foydalanishdi.

Ikkinchi afsona: “Den Syao Pin – buyuk iqtisodchi va islohotchi”.

Keyingi yuz yillikda iqtisodiyot ilmi sohasi bo‘yicha o‘nlab olimlar Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishgan. Ammo, ularning ro‘yxatida janob Denning nomi yo‘q. Xitoylik bu buyuk islohotchini ko‘proq buyuk o‘rganuvchi deb nomlasak, haqiqatga yaqinroq bo‘lar edi. Chunki o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab, Xitoy atrofidagi Gongkong, Makao, Janubiy Koreya, Tayvan, Singapur singari yondosh qo‘shnilar taraqqiyotning yuksak cho‘qqilariga chiqib olishdi. Shubhasiz, ularning yutug‘ida erkinlik va mehnatsevarlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etgani rost, ammo ushbu muvaffaqiyatlarni ilg‘or g‘arb texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, Den Syao Pin ularga taqlid qilib, arzon ishchi kuchi serob bo‘lgan Xitoy eshiklarini g‘arb kapitalistlariga keng ochib qo‘ydi. Buning ustiga, AQSh ma’murlarining SSSR imperiyasini Xitoy imperiyasi yordamida zaiflashtirishga urinishlari ham ayni muddao bo‘ldi. Shu ma’noda, Xitoy qudrati sobiq ittifoq murdasi ustida bunyod etilgan desak xato bo‘lmaydi. Chunki qudratli raqib – SSSRni zaiflashtirish istagi bo‘lmaganida, g‘arb Xitoyga zamonaviy texnologiyalarni hech qachon bermas edi.

Uchinchi afsona: “Xitoy – dunyodagi eng boy mamalakatlardan biri”.

Darhaqiqat, yuqorida aytganimizdek, Xitoy yalpi ichki mahsulot (YaIM) miqdori bo‘yicha dunyodagi faxrli ikkinchi o‘ringa chiqdi. Biroq ushbu miqdorni aholi jon boshiga taqsimlaydigan bo‘lsak, vaziyat tamoman o‘zgaradi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining oxirgi reytingi bo‘yicha yalpi ichki mahsulot miqdori aholi jon boshiga taqsimlanganda, Xitoy yuksak ikkinchi o‘rindan kamtarona 70-o‘ringa tushib ketadi va har bir kishiga yilda o‘rtacha 8 ming 113 AQSh dollariga tenglashib qoladi. holbuki, ushbu miqdor ro‘yxatda birinchi o‘rinda turgan mittigina Lyuksemburg davlatida 103 ming 199 dollar miqdorni tashkil etadi. Agar Xitoyda millionerlar va milliarderlar soni nihoyatda ko‘p ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, u yerda qashshoq va yo‘qsillar soni hali ko‘p ekanligi ayon bo‘ladi.

To‘rtinchi afsona: “Xitoy – sotsialistik davlat”.

Bu borada ham bahslashishga to‘g‘ri keladi. Chunki hozir Xitoyda sotsializmning faqat nomigina qolgan , xolos. Kommunistik partiya ham yo‘qsil proletariatlardan ko‘ra yangi sarmoyadorlarning manfaatlarini himoya qiluvchi firqaga aylanib qolgan. Iqtisodiyotda esa kommunistik ideallardan ko‘ra ko‘proq xususiy mulkchilikka qaratilgan siyosat yurgizilmoqda. Bunaqa sotsializmni ko‘rib, Marks, Engels, Lenin go‘rlarida tik turgan bo‘lsa ajab emas. Ammo Mao Sze Dun haqida bir nima deyish qiyin. Chunki Maoni kommunist emas, ko‘proq imperiyachi diktator sifatida tanishadi. Xitoy taraqqiyotini ko‘rib, uning arvohi behad shod bo‘layotgani aniq.

Beshinchi afsona: “Xitoy – sifatsiz mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mamlakat”.

Islohotlar boshlangan dastlabki yillarda, haqiqatan ham Xitoy o‘zining sifatsiz tovarlari bilan dunyo bozorlarini to‘ldirib tashladi. Ammo ushbu mahsulotlarning bitta ijobiy xususiyati bor edi. Ular nihoyatda arzon bo‘lib, xalq anchayin qashshoq yashaydigan mamlakatlarda xaridorini tez topardi. Shunday qilib, Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotlar g‘oyat raqobatbardosh ekanligini namoyish qildi. Sababi: yuqorida aytganimizdek, xomashyo resurslarining serobligi va arzon ishchi kuchi tovarlar tannarxini arzonlashtirardi. Endilikda vaziyat keskin o‘zgardi. Aytaylik, 2004 yilda “Kipo” radiopriyomnigi Urgut bozorida 3 AQSh dollariga narxlangan bo‘lsa, 2018 yilda so‘m ekvivalentida 7 dollarga sotilmoqda. Shu bilan birga Xitoyda hozir zamonaviy kompyuterlar va har turli murakkab radioelektronika mahsulotlari ishlab chiqarishni ham yaxshigina o‘zlashtirib olishdi. Ularning sifati AQSh yoki Yevropada yasalgan turdoshlariniki singari qoyilmaqom bo‘lmasa-da, har holda yomon deb ham bo‘lmaydi.

Oltinchi afsona: “Xitoyliklar oilasida faqat bitta farzand ko‘rishga ruxsat berilgan”.

Garchand, “bitta oila – bitta farzand” tamoyili uzoq yillar davomida joriy etib kelingan bo‘lsa-da, xitoyliklar unga judayam izchil rioya qilishmagan. Ikkinchi yoki uchinchi farzandlarni yashirincha saqlashga urinishgan. Birinchisi qiz bola bo‘lgan oilalarga esa davlatning o‘zi ikkinchi farzandga ham ruxsat bergan. Keyingi yillarda hukumat yana ko‘proq bola ko‘rishga undamoqda. Nega desangiz, yildan yilga rivojlanib borayotgan Xitoy ekonomikasi ko‘plab yangi ishchi qo‘llarini talab etmoqda. U yerda hozirgi davrda xalq keksayib, kutilmagan demografik muammolar yuzaga kelmoqda. Bundan tashvishlangan Xitoy ma’murlari muqaddam joriy etilgan ko‘pbolalik jarimasini bekor qilishdi. qizig‘i shundaki, kichik oila mazasini olgan fuqarolar endi o‘zlari ko‘p farzand ko‘rishni istashmayapti ekan.

Yettinchi afsona: “Xitoyda pensiya yo‘q”.

Ushbu afsonaning paydo bo‘lishiga, aslida, xitoy xalq mentalitetidagi oilaviy munosabatlar sababchi bo‘lgan deyish mumkin. Bundan unumli foydalangan Xitoy ma’murlari bir vaqtlar keksalar haqida g‘amxo‘rlik qilishni tamoman farzandlar zimmasiga yuklab qo‘yishgan edi. Ushbu holat “madaniy inqilob” yillarida ayniqsa kuchayib, mamlakatda pensionerlar deyarli bo‘lmagan. Den Syao Pin islohotlaridan keyin ham bu borada deyarli katta o‘zgarishlar bo‘lmagan edi. Masalan, 1990 yilga kelib xitoylik keksalarning atigi 5,4 foizigina pensiya ola boshladi. Keyinchalik, 1995 yildan boshlab pensiya sug‘urta fondi shakllantirilib, jamg‘armaning yig‘im- taqsimot mexanizmi ishga tushirildi. Natijada, 2010 yilga kelib, pensionerlar miqdori 20 foizga yetdi. 2016 yilda qariyalarning 43,2 foizi pensiya bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. hozirgi paytda, bu miqdor 66 foizni tashkil etmoqda. To‘g‘ri, pensiyalar miqdori unchalik katta emas. Aytaylik, qishloqdagi kommunalarda ishlab pensiyaga chiqqan dehqon bor-yo‘g‘i 125 yuan miqdorda nafaqa oladi. Bu taxminan 20 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi. Xalq xo‘jaligida va zavod-fabrikalarda uzoq yillar mehnat qilgan ayrim davlat xizmatchilari esa 1000 dan 10000 yuangacha pensiya olishlari mumkin. Xitoydagi joriy narx-navolar bilan solishtirganda bu katta pul hisoblanadi.

Biroq keyingi paytlarda kutilmagan mushkulliklar paydo bo‘lmoqda ekan. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, kamfarzandlik oqibatida, pensiya olmaydigan ota-onalar uchun g‘amxo‘rlik qilish yakka farzandlar zimmasiga tushmoqda. Agar oilada bobo va buvi ham bo‘lsa, vaziyat yana-da og‘irlashadi. Mamlakat miqiyosida oladigan bo‘lsak ham, pensionerlar sonining ishchi va xizmatchilar miqdoridan ortib ketgani iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni paydo qilmoqda. Shu ma’noda, Xitoy ma’murlarining ikkinchi va hatta uchinchi bola ko‘rishga ruxsat berishlari insonparvarlikdan ko‘ra ko‘proq iqtisodiy zaruratga o‘xshaydi.

Xudoyberdi KOMILOV

“Zarafshon”ning siyosiy sharhlovchisi.