Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi savdo hajmi 200 milliard dollarga yetadi
Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi savdo hajmi yaqin yillarda 200 mlrd dollarga yetkaziladi. Bu haqda Sinxua axborot agentligiga bergan intervyusida Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin ma’lum qilgan.
"Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yaqin bir necha yil ichida yangi bosqichga chiqadi va savdo hajmi 200 mlrd dollarga ko‘tariladi. Yaqinda Xitoy rahbari Si Szinpinning Rossiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida o‘zaro hamkorlik doirasida ko‘plab kelishuvlarga erishdik. O‘sha kelishuvlar amalga oshsa vaziyat tamoman boshqacha bo‘ladi.
Rossiya Bojxona Bosh boshqarmasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 27.1 foizga oshib, jami 107 mlrd dollarni tashkil etdi. Bunda Rossiya eksporti 59.8 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, Xitoy eksporti 47.97 mlrd dollarni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, dunyo davlatlari orasida Xitoyning eng yirik savdo hamkori AQSh hisoblanadi. Bir necha yildan beri bu ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi qariyb 500 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Shundan Xitoyning AQShga eksport hajmi 350 mlrd dollar atrofida bo‘layapti.