Xitoyda o‘nlab patentlar olgan samarqandlik olim
Samarqandlik olim, professor Xurshid Bozorov Xitoyda saraton hujayralarini o‘ldiradigan birikmalarni sintez qilib, yuqori natijalarga erishgach, o‘nlab patentlar oladi. Ilmiy xulosasi Fransiyaning nufuzli ilmiy jurnalida e’tirof etiladi.
Biz bilan suhbatda domla ilm-fan olamiga kirib kelishi, sohadagi yangiliklar, zamonaviy laboratoriya, ilmiy tadqiqotchilik faoliyati haqida gapirib berdi.
- O‘quvchilik davrimda kimyo fani o‘qituvchimiz bir masalani aytdi, javobi ikkita edi. Sinfdoshlarim masalaning birinchi javobini, men esa ikkinchi javobi to‘g‘riligini bildirdim, - deydi professor Xurshid Bozorov bolaligini eslab. – Haqiqatda ikkinchi javobi to‘g‘ri ekan. Shundan keyin o‘qituvchim men bilan jiddiy shug‘ullanishni boshladi. Shu-shu kimyo faniga qiziqishim ortdi.
Bolaligim Toyloq tumanidagi Bog‘izog‘on qishlog‘ida o‘tdi, shu yerdagi 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qidim. 2001 yilda Samarqand davlat universitetining kimyo fakultetiga o‘qishga kirdim. 2004 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi davlat stipendianti bo‘ldim. Stipendiant bo‘lganim uchun universitetning magistratura bo‘limiga organik kimyo yo‘nalishi bo‘yicha imtihonsiz qabul qilindim. Universitetda Yuriy Kurbatov rahbarligida turli sintez tadqiqotlar olib bordim. O‘sha paytlar internet uncha ommalashmagan edi. Ustozim rahbarligida internetdan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib o‘qiy boshlagach, menda bu kasbga yanada qiziqish uyg‘ondi. Bo‘sh vaqtlarimni laboratoriyalarda o‘tkazadigan bo‘ldim. 2007 yilda magistrlik dissertatsiyasini himoya qildim.
O‘sha davrda ilmiy tadqiqot qilib, fan nomzodi bo‘lish og‘ir mehnatni talab qilardi. Ustiga ustak stipendiyalar, maoshlar kam edi. Keyingi faoliyatimni qanday davom ettirishni o‘ylab qoldim: pedagog sifatida faoliyatimni davom ettiraymi yoki ilmiy tadqiqot ishimnimi?
Universitetlarning ilmiy tadqiqot bazasi ham unchalik taraqqiy etmagandi. Laboratoriyalarda zamonaviy asbob-uskunalar ishlamasdi. Xullas, ilmiy tadqiqot ishimni davom ettirishni maqsad qildim. Yo‘llanma asosida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘simlik moddalari kimyosi institutiga aspiranturaga o‘qishga bordim. Ammo aspiranturada joy yo‘qligi bois ustozim rahmatli Husniddin Shohidoyatov meni stajyor-tadqiqotchi qilib ishga oldi. Ikki oydan so‘ng bir-ikki nafar aspirant o‘qishga kelmaydigan bo‘ldi va men hujjatlarimni aspiranturaga topshirib, imtihonlardan o‘tdim. U vaqtdagi aspirant hozirda tayanch doktorant deyiladi.
Hayotimda tub burilish yasagan o‘sha institut bo‘ldi. 2011 yilga qadar o‘simliklar sintezi bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib bordim. Ilmiy guruhimiz dorivor o‘simliklar tarkibidagi biologik faol bo‘lgan alkaloidlarni laboratoriyalarda sintez qilardi. Ertalab sakkizdan kechki sakkizgacha ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanardik. Uch yildan so‘ng nomzodlik dissertatsiyamni himoya qildim.
Shundan so‘ng pedagogik faoliyatimni boshlash niyatida Samarqandga qaytmoqchi bo‘ldim. Ustozim H.Shohidoyatov menga yaxshi taklif aytdi. U kishining maslahati bilan birinchi marta 2012 yilda Xitoyga olti oy muddatga ilmiy tadqiqot ishlariga yuborildim. O‘zbekistonda bajargan ilmiy ishimni Xitoyda davom ettirdim. U yerda aynan saraton hujayralarini o‘ldiradigan birikmalarni sintez qilib, yaxshi natijalar bilan qaytganimdan keyin xitoyliklar menga uzoq muddatli taklifnoma yubordi.
2013 yilning mart oyidan Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon fizika va kimyo-texnika institutida kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim vazifalarida mehnat qildim. Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan xorijiy mutaxassislar uchun ta’sis etilgan bir qancha grantlar sohibi bo‘ldim.
Xorijda davom ettirayotgan ilmiy ishimning dolzarb ekanligini isbotlashim kerak edi. 2014 yilda Fransiyada nashr qilinadigan “European Journal of Medicinal Chemisty” jurnalida yarim yillik ilmiy tadqiqotim e’lon qilindi. Bilsam u yerda men bilan ishlaydigan professorlarning hech qaysisi u jurnalga maqola chiqara olmagan ekan. Shundan so‘ng mening ilmiy g‘oyalarim qo‘llab-quvvatlandi, ilmiy ishimni davom ettirishim uchun qo‘l ostimga guruh tuzildi. Biz 2018 yilgacha ilmiy-tadqiqot ishlarida bir qancha natijalarga erishdik. O‘sha yili oshqozon ichak saratoniga potensial kimyo terapiyada ishlatilishi mumkin bo‘lgan dori vositasini sintez qildim. Birinchi laboratoriya sharoitida, so‘ngra hayvonlarda ta’siri o‘rganildi. Hozirgi kunga kelib, bu tadqiqotimiz klinik oldi sinovidan o‘tyapti. Ushbu tadqiqotlarimizga Xitoyda o‘ndan ortiq patentlar oldik.
2021 yilda Xitoyda turib O‘zbekistondagi ilmiy kengashga “Annelirlangan pirimidinlar sintezi, modifikatsiyasi va biologik faolligi” mavzusida fan doktorligi (DSs) dissertatsiyamni himoya qildim. O‘sha yili oilam bilan O‘zbekistonga qaytishga qaror qildim. 15 yil laboratoriyada tadqiqotlar olib borganim uchun bu mening hayotimga aylandi. Bu ishlarimni Samarqand davlat universiteti rahbariyatiga aytib berganimdan so‘ng meni qo‘llab-quvvatlashdi. Qisqa muddat ichida laboratoriya uchun boshlang‘ich asbob-uskunalar bilan ta’minlab berishdi. Bizda ham zamonaviy laboratoriyalar bo‘lishini orzu qilardim. Aslida bizning ilmiy salohiyat xitoyliklardan qolishmaydi. Faqat ilmiy tadqiqotlar olib borishimiz uchun sharoit, zamonaviy laboratoriyalar yetarli bo‘lishi kerak.
2023 yilning 24 avgustida Prezident Shavkat Mirziyoyev universitetimizga tashrif buyurdi. O‘shanda davlat rahbari bilan suhbatlashish imkoniga muyassar bo‘ldim. U kishiga izlanishlarim haqida qisqacha gapirib berdim. Prezidentimiz g‘oyalarimni qo‘llab-quvvatladilar va tajribaxona qilishimiz uchun qanday yordam kerakligini so‘radilar. Shundan so‘ng qariyb 8 milliard so‘mlik ilmiy-amaliy loyihamiz Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Innovatsion agentligi tomonidan moliyalashtirildi. Bu loyihaning nomi “Saraton kasalligiga qarshi dori vositalarini yaratish laboratoriyasini tashkil qilish” bo‘lib, ikki yil ichida shunday laboratoriyani tashkil etishim kerak. Zamonaviy laboratoriyada ishlashni o‘rganish uchun joriy yilda 10 nafar o‘qituvchi Xitoyda malaka oshirib keldi, yana o‘n nafari safarga otlanish arafasida. Hozir ham xitoylik hamkasblar bilan onlayn ishlayman, u yerda kichik bir guruhim bor.
Shu o‘rinda mehnatlarim munosib taqdirlanayotganini ham aytib o‘tmoqchiman. 2024 yilda davlatimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. 2023 yilda Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom regionining ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shganim uchun “Tyanshan” mukofotiga sazovor bo‘ldim. Musofirlikda chekkan qiyinchiliklarimning bari unutildi. Ayniqsa, ota-onam yutuqlarimdan quvonishdi.
Avval xorijda ishlagan bo‘lsam, endi yurtimiz taraqqiyoti uchun mehnat qilmoqchiman. SamDU Biokimyo institutida har qanday murakkab tuzilishga ega bo‘lgan birikmalarni sintez qila oladigan mutaxassislarni tayyorlashni maqsad qilganman.
Xurshida ERNAZAROVA yozib oldi.