Xitoyda Samarqand viloyatining investitsion jozibadorligi taqdimoti o‘tkazildi
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov boshchiligida Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurgan samarqandlik tadbirkor va mutasaddi rahbarlar iborat delegatsiya Xenan provinsiyasida ish boshlagan XIII savdo va investitsiyalar Xalqaro Xitoy yarmarkasida Samarqandning savdo va investitsion salohiyatini namoyish etdi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.
Dunyoning 150 ga yaqin davlati vakillari qatnashayotgan yarmarkada samarqandlik ishbilarmonlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyishi bilan bir qatorda tadbirkorlik uchun yaratilgan shart-sharoitlar, viloyatning iqtisodiy va investitsion salohiyati haqida ko‘rgazmali vositalar asosida ma’lumot berildi. Xorijiy davlatlardan kelgan tadbirkorlar bilan muzokaralar olib borildi.
Courtyard Hotelda Xenan provinsiyasining 150 ga yaqin mahalliy tadbirkorlari ishtirokidagi biznes-forumda ham viloyatimiz vakillari o‘z investitsion loyihalari haqida ma’lumot berib, ikki va ko‘p tomonlama manfaatli hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdi. Xitoylik tadbirkorlar bilan bir qator memorandum va shartnomalar imzolandi.
Samarqand viloyati delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasidagi tashrifi davom etmoqda.