Xitoyda topilgan sirli g‘or 30 yil o‘tib ommaga oshkor qilindi
Xitoylik olimlar olis Chjeszyan provinsiyasida ulkan g‘or sirini aniqlashga urinmoqda, deb yozadi «Mir novostey» (2020 yil, 35-son) haytanomasi.
Qadimgi odamlar tomonidan yaratilgan sirli g‘orning kattaligi aqlni lol qoldiradi. U kamida 30 ming kvadrat metr maydonni egallagan. Olimlar g‘or tabiiy holda hosil bo‘lmagani, o‘yib qazilganini aniqlashdi. Devorlarda cho‘kich izlari ko‘rinib turibdi. Ular bir-biriga parallel ravishda, aql bovar qilmas aniqlikda shift bo‘ylab taralgan.
36 ta g‘ordan iborat yerosti sinoati ikki ming yildan ko‘proq vaqt ilgari o‘yilgan, deb taxmin qilinmoqda. G‘or mavjudligi haqida odamlar tasodifan bilib qolishdi – mahalliy fermerlar xalq tubsiz, deb atalgan hovuz suvini chiqarib tashlashga qaror qilishdi. Yetti kun suv to‘xtovsiz so‘rib olingandan keyin hayratli qo‘lbola g‘or, odamlar ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ldi. U o‘zining chiroyi va yerosti qurilishi – alohida xonalari, oqar suv keladigan tarnovlari va hayratomuz devoriy o‘ymakor naqshlari bilan aqlni lol qoldiradi. G‘or shiftini ustunlar ko‘tarib turibdi. Xitoylik tadqiqotchilar g‘or tuzilishi va qurilishini sinchiklab o‘rganib chiqdi. Ammo uni barpo etgan birorta sirli sivilizatsiyaga oid izlarni ko‘rmadi.
Tunszi universiteti professori, muhandis Ji Gan topilma haqida shunday deydi: «Qadimgi quruvchilar chiroqsiz qanday bu mo‘’jizani yaratishdi ekan. G‘orga kirish joyi juda tor, yorug‘lik uzoqqa bormaydi. Chuqur tushib borganingiz sari zulmatga cho‘mib borasiz. Kirishda, o‘n metrdan keyin hech narsani ko‘rib bo‘lmaydi». Biroq g‘orda yoritgichni eslatadigan hech narsa topilmadi.
Qadimgi quruvchilar yerosti saroyini barpo etish uchun million kubometr jinsni olib chiqqan. Kim va nima uchun uni qazgan? Nahotki, qo‘l bilan... Olimlarning taxminiy hisob-kitoblariga ko‘ra, agar o‘sha odatdagi oddiy ish qurollari bilan ming kishi kecha-kunduz tinmay ishlaganda ham bunga olti yil kerak bo‘lgan.
Hayratlanarlisi, murakkab o‘lchash usullari qo‘llanib ish o‘ta aniqlikda bajarilganidir.
G‘or o‘tgan asrning 90-yillarda aniqlangan bo‘lsa-da, keng ommaga yaqinda ma’lum qilindi. Bugun g‘orlardan biri sayyohlar tashrifi uchun ochildi. Ular ham hayratda: Kim va nima uchun yerosti majmui qurishda mashaqqatli mehnat qilgan? G‘orlarni o‘rganish davom etmoqda, bir kun kelib uning siri ochilar.
Tog‘aymurod ShOMURODOV tayyorladi.