Xitoylik ayol 40 yildan beri uxlamaydi. Bu qanday bo‘lishi mumkin?

Bir lahza tasavvur qiling-a, 24 soat ichida qancha ishlarni qila olishingiz mumkin?! Albatta uy-ro‘zg‘or, sevimli mashg‘ulotlar yoki yana boshqa bir talay yumushlarni bajarish imkoni bo‘lardi. Yana bir savol: biz uyqusiz yashay olamizmi? Haqiqat shundaki, bu savolga javob topish nihoyatda mushkul. Bugungi qahramonimiz - xitoylik ayol 40 yildan beri uxlamaydi.

Tushunib bo‘lmaydigan holat

Xitoyning Henan provinsiyasida yashovchi Li Chjanin bir soniya ham uxlashiga imkon bermaydigan g‘alati kasallikdan aziyat chekadi. 45 yoshli ayol oxirgi marta 5-6 yoshida uxlagan.

Lining eri Lyu Suokin to‘ydan keyin xotinining uxlayotganini ko‘rmaganini tan oldi. Bugina emas, Li kechalari vaqtini o‘tkazish uchun uy atrofida ishlashda davom etadi. Avvaliga eri unga uyqu tabletkalarini sotib oldi, lekin bu foyda bermadi. Bir necha yil oldin, yolg‘onni fosh qilish uchun unga ishonmagan qo‘shnilari tun bo‘yi Li bilan qarta o‘ynashga qaror qilishdi. Biroq, bir necha soatdan so‘ng ular birin-ketin uxlab qolishdi.

Bastille Post nashrining yozishicha, Li 2021 yilda shifokorlarga murojaat qilganida shifokorlar hech qanday kasallikni aniqlay olmadi. Ular uning asab tizimi normal holatda ekanligini aytishdi, bu esa shifokorlar orasida yanada chalkashliklarni keltirib chiqardi. Yaqinda u Pekinning Chaoyang tumanidagi uyqu buzilishi markaziga tashrif buyurganida hammasi o‘zgardi.

Uyqu buzilishi markazidagi tekshiruv

Tibbiy guruhning Lining bilagiga 48 soat davomida o‘rnatgan monitori ayolning uyqu rejimini aniqlay olmadi. Qo‘shimcha ma’lumotlar esa u yengil va o‘rtacha fazalarda uxlayotganini ko‘rsatdi. Mudroq payti deb hisoblangan vaqtda tibbiy xodimlar borib tekshirganida, u eri bilan gaplashib o‘tirgan ekan.

Li “uyg‘oq payti uxlab oladi”, miyaning asab va tana a’zolari faol bo‘lgan davridagi bir necha soniyaga “o‘chib qolishi” lunatizm (uyquda yurish kasalligi)ga o‘xshaydi, garchi bunday tush qisqa muddatli va ko‘zlar ochiq bo‘lsa-da, odam faol bo‘ladi. Tadqiqotchilar uning bu uyqusining sifati odatdagi uyquga qaraganda ustunroq ekanligini aniqladilar.

Mikrouyqu – avtopilot holat

NeuroImage ilmiy jurnalida chop etilgan tadqiqot uyqu-uyg‘onish sikli uchun javobgar bo‘lgan miya qismining mikrouyqu vaqtida kamroq faol ekanligini ko‘rsatdi. Lekin miyaning diqqat uchun mas’ul bo‘lgan, bizni uyg‘oq tutadigan qismlarida faollik kuchaygan. Mikro uyqu avtopilot rejimiga o‘xshaydi. Li Chjaning holatida shifokorlar uning "mudroq ko‘zlari" va ko‘zlari yumilgan qisqa daqiqalar chuqur uyqu o‘rnini bosganini bilib olishdi. Bu esa Li tanasining dam olishga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondiradi.

Psixologik jihatdan inson "uxlay olmaslik" hissi bilan kurashishi kerak. Bir qarashda bu holat kishi sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydiganga o‘xshaydi. Faqat Li misolida bo‘lgani kabi holat tasdiqlansagina siz uxlashingiz shart bo‘lmagan odamga aylanasiz. Bundan tashqari, dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash tashkilotlari kuniga kamida sakkiz soat uxlashimiz kerakligini tavsiya qilib kelmoqda. Aks holda, boshqa salbiy ta’sirlar qatorida, tanamiz erta qarishga moyil bo‘ladi.

***

R/S: 2019 yilda lunatizm kasalligidan aziyat chekadigan yigit sevgan qiziga tushida turmush qurishni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi. Yigit o‘z qilmishi haqida faqat ertalab bilib olgan. Uyg‘onganida, u birga yashovchi qizi barmog‘idagi olib sotishga mo‘ljallab qo‘ygan uzukni ko‘rib hayratda qolgan. “Kelin” esa unga bo‘lgan voqeani aytib berdi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.