Xitoylik shifokorlar tajriba almashib, vataniga qaytishdi
Kecha, 28 aprel kuni xitoylik shifokorlar yurtiga qaytishdi. Bu haqda XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar qildi.
Xitoylik shifokorlar 10 kun davomida O‘zbekistonning murakkab epidemiologik vaziyat qayd etilgan viloyatlarga tashrif buyurib, koronavirusning oldini olish, karantin zonalarini qurish, bemorlarni davolash va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha professional takliflarni berishdi.
Xitoylik mutaxassislar guruhi COVID-19ga qarshi kurashdagi o‘z tajribalarini mahalliy shifokorlar bilan bo‘lishishdi, shifoxonalarda koronavirus bilan zararlanganlarni davolovchi shifokorlar bilan videokonferensiyalar o‘tkazdilar, ularning savollariga javob berdilar. Shuningdek, mahalliy shifokorlar uchun koronavirusni profilaktika qilish va davolash borasida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
— Ikki davlat shifokorlari bundan keyin distansion tarzda fikr almashib, o‘z yordamlarini ko‘rsatib turadilar, - dedi XXRning O‘zbekistondagi elchisi Szyan Yan xonim.
Eslatib o‘tamiz, 17 aprel kuni Xitoydan O‘zbekistonda 15 nafar shifokordan iborat guruh tashrif buyurgan edi.