Xizmatlar ko‘rsatishning sifat va samaradorligi oshyapti

Dehqonchilikda ekin parvarishi muhim. Ammo yerga qadalgan urug‘ hosildorlik va mahsulot sifatining garovi. Bugun viloyatda ushbu sohada olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida “O‘zagroinspeksiya” qoshidagi Agrosanoat majmui xizmatlar ko‘rsatish markazi davlat unitar korxonasiga press-tur tashkil etildi.

Unda jurnalist va blogerlar tashkilot tomonidan joriy yilning 9 oyida amalga oshirilgan ishlar va galdagi vazifalar bilan tanishdi.

  - Don va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar, paxta tolasi, paxta momig‘i, texnik chigit, don korxonalari va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan eksport va import qilinayotgan mahsulotlarga laboratoriya xizmati ko‘rsatib, sertifikatlar beramiz, - deydi korxona rahbari Rahmonqul To‘rayev. -   Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida don korxonalari tomonidan qabul qilingan 219 ming 240 tonna, eksport qilingan 2 ming tonna, parrandachilik korxonalari tomonidan keltirilgan 29 ming 822 tonna don mahsulotlari laboratoriyada tahlil etilib, sertifikatlar bilan ta’minlandi. 2020 yil  paxta hosilidan 21 ming 542 tonna paxta tolasi, 1 ming 705 tonna paxta momig‘i, 52 ming tonnadan ortiq texnik chigit sinov laboratoriyasidan o‘tkazilib, sertifikatlar berildi. Bundan tashqari, Rossiyadan keltirilgan 623,4 tonna kartoshka, 18 ming 536 kilogram makkajo‘xori urug‘i laboratoriya tahlilidan o‘tkazildi.   

Tadbir ishtirokchilari laboratoriyada bo‘lib, ish jarayoni bilan tanishdi.

Laboratoriya Yaponiyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Xizmat ko‘rsatishning sifat va samaradorligini oshirish maqsadida yaqin kelajakda yangi zamonaviy laboratoriya binosi qurilishi rejalashtirilgan. Bu yerda zamonaviy asbob-uskunalar o‘rnatilib, xizmatlar ko‘rsatishning turini yanada kengaytirish mo‘ljallanyapti. Unda 200 ga yaqin mutaxassis ishlashi ko‘zda tutilyapti.

Sulaymon Mardiyev.