Xodimlarini eng ko‘p majburiy mehnatga jalb etadigan sohalar aniqlandi

18 avgust kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda ayrim mahalliy ijro hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarning quyi tuzilmalari rahbarlari tomonidan majburiy mehnatga jalb qilish holatlari hali-hamon kuzatilayotgani tanqid qilindi.

Misol uchun, shu yilning o‘tgan vaqti davomida mehnat inspeksiyasi tomonidan joylarda xodimlarni o‘z funksional vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etish bo‘yicha 41 holat aniqlangan.

Sohalar kesimida aytganda, majburiy mehnat holatlarining aksariyati xalq ta’limi, bank-moliya, tibbiyot, transport va obodonlashtirish tarmoqlarida uchramoqda.

Yig‘ilishda joriy yilgi paxta yig‘im-terim mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, mehnat munosabatlarini to‘g‘ri rasmiylashtirish, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar ham muhokama qilindi.