Xonadonlarga “aqlli” gaz hisoblagichlari, maishiy gaz ballonlarga stikerlar o‘rnatilmoqda

Dunyo ekspertlari tomonidan raqamli iqtisodiyotga “korrupsiya kushandasi” deya ta’rif beriladi.

Darhaqiqat, iqtisodiyotda raqamli texnologiyalardan foydalanish, davlat xizmatlari tizimini rivojlantirishga va xizmat sifatini yaxshilashga, shuningdek, ularning ochiqligi va samaradorligini ta’minlashga, ishbilarmonlik muhitining shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 iyuldagi “Iqtisodiyot va aholini energiya manbalari bilan barqaror ta’minlash, neft va gaz sanoatini boshqarish tizimini moliyaviy sog‘lomlashtirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan barcha toifadagi iste’molchilar uchun tabiiy gazni boshqarish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilmoqda.

Ayni kunlarda Samarqand viloyatida tabiiy gaz iste’molchilari xonadonlariga “aqlli” gaz hisoblagichlari o‘rnatish bilan bir qatorda, maishiy gaz ballonlarga stikerlar o‘rnatilmoqda.

Suyultirilgan gaz tizimini onlayn nazorat qilish mexanizmiga o‘tish uch bosqichdan iborat bo‘lib, maishiy gaz ballonlarga stikerlar o‘rnatish, iste’molchilarga ID kartalar  tarqatish va E-Gaz tizimiga ulanish kabi jarayonlarni qamrab oladi.

Bugungacha Samarqand viloyatida 491 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlariga maxsus shtrix kodli stikerlar yopishtirildi. 120 mingga yaqin iste’molchiga ID kartalari tarqatildi.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati.