Xorij voqealari qisqa xabarlarda: AQSh Kongressi BMTdan chiqishni taklif qilmoqda. Zelenskiy Amerika yordamisiz Ukraina mag‘lubiyatga uchrashini aytdi. Tadbirkor mavjud bo‘lmagan iPhoneni sotish orqali 35 million dollar ishladi
🔹 Yuk kemasiga hutiylar hujumidan so‘ng Qizil dengizda 18 millik neft pardasi paydo bo‘lgan. Gap shundaki, 41 ming tonnadan ortiq o‘g‘it olib ketayotgan Amerikaning Rubymar yuk kemasi hujumga uchragan. Aytilishicha, o‘g‘it to‘kilishi mintaqada ekologik halokatga olib kelishi mumkin.
🔹 Qo‘shma Shtatlar Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalar paketi Navalniy o‘limidan oldin tayyor bo‘lganini ma’lum qildi. Shuningdek, AQSh Rossiya aktivlarini musodara qilish variantlarini oshkor qildi. G‘arb Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish bo‘yicha "g‘oyalar to‘plami"ni o‘rganmoqda. “Biz buni o‘rganishda davom etamiz. Chunki prinsipial jihatdan biz Kremlga yubormoqchi bo‘lgan xabar shu: Ukraina o‘z iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashda davom etishi uchun zarur bo‘lgan resurslarni oladi”, dedi AQSh moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Uolli Adeyemo.
🔹 Sud Trampning jarimasini deyarli 100 million dollarga oshirdi. AQShning sobiq prezidenti Donald Trampning o‘z tashkilotidagi firibgarlik bo‘yicha to‘lashi kerak bo‘lgan jami jarima miqdori 454 million dollarni tashkil etadi.
🔹 AQSh Kongressi BMTdan chiqishni taklif qilmoqda. Qo‘shma Shtatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalarini moliyalashtirishni to‘xtatishi va bu uyushmani tark etishi kerak. Bu haqda Amerika Kongressi vakillar palatasining Respublikachilar partiyasidan a’zosi Mett Gayets aytgan.
🔹 Trampning fikricha, AQSh prezidenti Jo Bayden joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan umumiy saylovlarga yetmasligi mumkin. Bayden 2023 yil noyabrida 81 yoshga to‘ldi. U tez-tez noqulay vaziyatlarga tushib, o‘z ommaviy chiqishlarida turli xil izohlar bermoqda. Respublikachilar bundan davlat rahbarining aqliy va jismoniy imkoniyatlarini va mamlakatni boshqarishda davom etish qobiliyatini shubha ostiga olish uchun kurashda foydalanmoqda.
🔹 Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh senatorlari delegatsiyasiga Amerika tomoni yana yordam ko‘rsatmasa, Ukraina Rossiya Federatsiyasi bilan qarama-qarshilikda mag‘lubiyatga uchrashini aytdi.
🔹 Vena sudi yolg‘on ko‘rsatma berganlikda gumon qilingan Avstriya sobiq kansleri Sebastyan Kurs ishi bo‘yicha yakuniy hukm chiqardi. Uning federal kanslerlikdagi sherigi Bernxard Bonelli olti oylik muddat bilan qutulgan. Kurs 2020 yilda ishonchli vakili Tomas Shmidtni ÖBAG investitsiya kompaniyasi direktorlar kengashiga tayinlashda ishtirok etmaganligini aytib, yolg‘on guvohlik bergan. Biroq, sobiq kansler o‘z hamkasbiga "xohlagan narsasini" berishga va’da bergan SMS bilan "qo‘lga tushgan".
🔹 Eronda tadbirkor mavjud bo‘lmagan smartfonlarni sotish orqali 35 million dollar ishlab topdi. Kourosh kompaniyasi va uning asoschisi Amir Husayn Sharifian 10 millionlab dollarlik iPhone smartfonlarini soxtalashtirishda aybdor deb topilgan.