Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Isroil Rafahda keng ko‘lamli hujum boshladi

🔹 AQShning Moskvadagi elchisi Lin Treysi “Sevastopoldagi terrorchilik hujumi” tufayli tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Elchiga Qrimdagi terakt uchun AQSh Kiyev bilan birdek mas’ul ekanligi aytildi. Rossiya, shuningdek, Kiyevning Rossiya hududiga zarbalarini rag‘batlantirgani uchun AQShga javob choralarini ko‘rish niyatida.

🔹 Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga yirik zarbalar bermoqda. Netanyahuning aytishicha, Rafahdagi janglarning "intensiv bosqichi" yakunlanishiga yaqin, ammo bu urush tugashini anglatmaydi. U HAMAS hukumatdan butunlay chetlashtirilmaguncha davom etadi. G‘azoda halok bo‘lganlar soni 37 598 kishiga yetdi.

🔹 Fransiya prezidenti Emmanuel Makron parlament tarqatib yuborilganidan keyin va shu fonda iste’fosi zarurligi haqidagi bayonotlardan so‘ng o‘z mandatini 2027 yilgacha bajarishga va’da berdi. E’lon qilingan matnda davlat rahbari hukumatning kuzda iste’foga ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Milliy Assambleyani tarqatib yuborishga majbur bo‘lganini tushuntiradi. Makron, shuningdek, yaqinda Yevroparlamentga bo‘lib o‘tgan saylovlarda Uyg‘onish davri prezidentlik bloki “og‘ir mag‘lubiyatga” uchraganini tan oldi.

🔹 Agar Rossiya KXDRga qurol yetkazib bersa, Janubiy Koreya Ukrainaga qurol berishi mumkin. Bu haqda Koreyaning telekanalida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Chan Xo-jin ma’lum qildi. Bir necha kun oldin Seul Ukrainaga ehtimoliy qurol yetkazib berish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rishga tayyorligini ma’lum qildi. Bunga Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida strategik sheriklik shartnomasi imzolangani sabab bo‘lgan.

🔹 Yaponiya hukumati Dog‘istondagi teraktlar fonida o‘z fuqarolarini Rossiyaga sayohat qilishdan tiyilishga chaqirdi. Avvalroq Qirg‘iziston vatandoshlarini Rossiyaga sayohat qilishdan vaqtincha voz kechishga chaqirgan edi.

🔹 AFP statistik ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Saudiya Arabistonida asosan jazirama tufayli turli millatga mansub 980 nafar ziyoratchi halok bo‘lgan. Asosan ular tartibga rioya etmagani aytilmoqda.

🔹 AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, inauguratsiyasigacha Ukrainadagi mojaroning tinch yo‘l bilan hal etilishiga erishishini aytdi. Shuningdek, u uchinchi jahon urushining oldini olishga va’da berdi.

🔹 Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiya Federatsiyasiga qarshi Rossiyaning energetika, moliya va savdo sohalariga qaratilgan 14-sanksiya paketini tasdiqladi.

🔹 Sud 20 yildan beri o‘lim jazosini kutgan amerikalikni begunoh deb topdi. 1977 yilda sodir etilgan qotillikda o‘zining aybsizligini isbotlashga 20 yil davomida o‘lim jazosini kutish bilan o‘tkazgan amerikalikka qarshi ayblovni bekor qildi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, hozir 68 yoshda bo‘lgan Kuk 1973 yildan beri Qo‘shma Shtatlarda o‘lim jazosidan oqlangan 199 kishidan biridir.