Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Navalniy kaloniyada vafot etdi. Eron quruqlikdagi chegaralarini yopmoqchi. Yaponiya dunyodagi eng yirik iqtisodlar uchligidan chiqdi

🔹 Siyosatchi Aleksey Navalniy axloq tuzatish koloniyasida vafot etdi. Aytishlaricha, sayrdan keyin u o‘zini yomon his qilgan va hushini yo‘qotgan. Muassasa tibbiyot xodimlari muolajalari befoyda bo‘lgani aytilmoqda. OAVga ko‘ra, kecha u video havola orqali sudda gapirgan edi.

🔹 Eron qo‘shni davlatlar bilan quruqlikdagi chegaralarini yopishni rejalashtirmoqda. Qayd etilishicha, Eron hech qachon qo‘shni davlatlarga tahdid qilish, ularni buzish yoki bosqinchilik qilish niyatida emas: "Bu qo‘shni davlatlarga nisbatan adolatsizlik emas. Har qanday davlat o‘z chegaralarini yopishga haqli".

🔹 Oq uy ma’muriyati o‘zining Yaqin Sharqdagi hamkorlari bilan Isroil va Falastin o‘rtasida uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish rejasini, jumladan, Falastin davlatini yaratishning “aniq vaqt jadvalini” muhokama qilmoqda. Amerika va arab rasmiylariga iqtibos keltirgan nashrning yozishicha, muhokama qilinayotgan reja G‘azo sektorida uni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki qadamlarga vaqt berish uchun olti haftalik o‘t ochishni to‘xtatishni nazarda tutadi.

🔹 Yaponiya dunyodagi eng yirik iqtisodlar uchligidan chiqib ketdi. 2023 yil yakuniga ko‘ra, Yaponiya Germaniyaga uchinchi o‘rinni boy berib, to‘rtinchi o‘rinni egallagan.

🔹 AQSh Kongressi Vakillar palatasi Ukrainaga yordam berish masalasini ko‘rib chiqmasdan ta’tilga chiqdi. Kongressmenlar 28 fevral kuni ishga qaytadi.

🔹 Fransiya va Ukraina prezidentlari xavfsizlik shartnomasini imzolash niyatida. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun Myunxen xavfsizlik konferensiyasi o‘tadigan Germaniyaga borgan. Uning Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvlari bo‘ladi.

🔹 The New York Times: Qo‘shma Shtatlar Yevropadagi ittifoqchilarini Rossiya yangi yadroviy qurol ishlab chiqarayotgani haqida xabardor qildi. Bunday qurollar aloqa, koinotdan kuzatish va harbiy harakatlarni boshqarishga xalaqit berishga qodir.

🔹 Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2024 yilning yanvarini rekord darajadagi eng issiq deb atadi.

🔹 Hindistondagi fermerlar butun mamlakat bo‘ylab ish tashlashga chaqirmoqda. Norozi fermerlar mamlakat poytaxti Nyu-Dehliga kirishga tayyor.