Xorijda ishlayotganlarning manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi qanday yordam beradi?

Sohadagi bu kabi kamchiliklar noxush holatlarga sabab bo‘layotganligining hammamiz guvohi bo‘ldik. Jumladan, shu yilning 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan dahshatli fojiada Rossiyaga ish izlab ketayotgan 54 o‘zbekning 52 nafari halok bo‘ldi.

Achinarlisi, bu kabi fojia birinchisi emasligini barchamiz yaxshi bilamiz. Shu nuqtai nazardan bu qaror juda ham zarur edi.

Qarorga ko‘ra, 2018 yil 1 sentyabrdan O‘zbekiston Respublikasida ro‘y­xatdan o‘tgan yuridik shaxslar Band­lik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan beriladigan litsenziya asosida mamlakatimiz fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha O‘zbekis­ton Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida akkreditatsiyadan o‘tish asosida, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotganlarning kasbiy malakasini, jumladan, kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lish va xorijiy tillarni bilish darajasini tasdiqlash borasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

Shuningdek, qaror bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi (yuridik shaxs maqomida) tashkil etildi.

Mazkur jamg‘arma xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zo‘ravonlik, majburiy mehnat va kamsitishdan jabrlangan, mehnat va bosh­qa huquqlari buzilgan, og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, tirikchilik uchun mablag‘siz qolgan fuqarolarni huquqiy va ijtimoiy himoya qiladi hamda moddiy yordam beradi.

Ishga joylashgan davlatning tegishli muassasalari tomonidan tasdiqlangan hollarda respublikadan tashqarida mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini, shuningdek, xorijdagi mehnat faoliyati vaqtida mehnat qobiliyatini yo‘qotishga olib kelgan shikastlanish yoki jiddiy jarohatlangan fuqarolarni olib keladi. Mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga tashkillashtirilgan tarzda ilgari yuborilgan va ishga joylashgan mamlakatning qonun hujjatlarini buzish oqibatida ushbu mamlakat hududidan chiqarib yuborilgan (deportatsiya qilingan) fuqarolarni, to‘langan mablag‘lar ushbu fuqarolar hisobidan keyinchalik qoplab berilishi sharti bilan shuningdek, kelishilgan mehnat sharoitlari chet ellik ish beruvchilar tomonidan ta’minlab berilmagan fuqarolarni qaytaradi.

Bu chora-tadbirlar uchun jamg‘armaning daromadlarini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetidan 200 milliard so‘m ajratildi. Jamg‘armaning boshqa daromad manbalari belgilab berildi.

Mazkur qaror bilan 2018 yil 1 avgustdan xususiy mehnat shartnomalari bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan belgilangan tartibda ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tish taomilini joriy etgan holda, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi bekor qilinadi.

Shuningdek, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga eng kam ish xaqining to‘rt yarim baravari miqdorida yillik sug‘urta to‘lovlarini ixtiyoriy ravishda to‘lash tartibi joriy etiladi. Bunda to‘lovlar amalga oshirilgan davrlar belgilangan tartibda mehnat stajiga qo‘shiladi.

Tolib EShMANOV,

xalq deputatlari viloyat

Kengashi deputati.