Xorijda sayyohlarga nima taklif etishadi? bizda-chi?
Koloradoning asosiy qismini tog‘lar egallagan. O‘tgan asrning so‘nggi yillarida tabiatni muhofaza qiluvchi jamiyatlar sa’y-harakati bilan turizm ob’yektlari barpo etilgan. Natijada hozirda shtatga yiliga 40 milliondan ko‘proq sayyoh kelmoqda.
Kolorado AQShning eng yirik chang‘i uchish maskanlaridan biri bo‘lib, deyarli yarim yil bu komplekslar faol ishlaydi. Oktyabr va mart oylarida sun’iy qor yo‘laklarining barpo etilishi chang‘i uchish mavsumini uzaytiradi. Mavsumning ochilishi katta tantanalar bilan boshlanadi. Chang‘i uchish bilan bog‘liq barcha infratuzilma jonlanadi. Savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish faoliyati jadallashadi.
Kistoun va Veyl shaharlaridagi chang‘i uchish komplekslarida qulay avtomagistral, arzon mehmonxonalar, chang‘i uchishni o‘rgatishning bepul kurslari mavjudligi va mashinalarni saqlash joylarining tekinligi ko‘pchilikni jalb etadi.
Glenvud springs shaharchasida issiq suv buloqlari tog‘ yon bag‘irlaridan yirik basseynlarda yig‘iladi. Shifobaxsh issiq buloq suvlari butun amerikaliklarni maftun etadi va o‘ziga chorlaydi.
Aspen shahri esa tog‘da joylashgan bo‘lib, Amerikadagi 10 ta eng qimmat shaharlardan biri hisoblanadi. Kichik shaharchada 2 ta aeroport faoliyat yuritadi. Bu yerda sayyohlarni yil davomida uzluksiz jalb qilish maqsadida har hafta turli tadbirlar o‘tkaziladi. Krismas va Yangi yil bayramlari arafasida chiroyli bezalgan uy-joy konkurslari o‘tkaziladi. Archa daraxtlari, uylarning fasad tomoni elektr chiroqlari va o‘yinchoqlar bilan bezatilib, bayramlarga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladi.
Olimpiada, har xil sport musobaqalarida qatnashuvchilarga tayyorgarlik ko‘rish uchun yirik sport komplekslari barpo etilgan. Qalin muzlagan suv omborlarida yengil avtomashinalar uchun har xil murakkab yo‘l harakati musobaqalari tashkil etiladi.
Qor erib, havo isigandan keyin ham koloradoliklar sayyohlarning bu yerni tark etmasliklari uchun turli tadbirlar o‘ylab topishgan. Masalan, aerostat (sun’iy havo sharlari) musobaqalari, velosiped poygalari, eksklyuziv avtomashinalar marafonlari, uzoq masofali marafonlar shular jumlasidandir. Shuningdek, baydarka, kanoe kabi suv qayiqlarida tog‘dan suv omborlariga qarab suzish, haqiqiy adrenalin ishqibozlari va alpinistlar uchun tog‘ cho‘qqilarini zabt etish musobaqalari boshlanadi.
Kuzda ham ko‘ngilochar tadbirlar to‘xtab qolmaydi: oilaviy marafon, baliq, kiyik, kurka, quyon ovlashga ruxsat beriladi. Bulardan kelgan daromad esa shtat byudjetining muhim qismi sanaladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, Koloradoga kelayotgan sayyohlarning asosiy qismi yevropaliklar. Masalan, 2017 yilda 35 million rossiyalik chet elga sayohat qilgan bo‘lsa, ulardan salkam 1 millioni okean oshib, Koloradoga borgan. 4 million kishi Turkiyada dam olgan bo‘lsa, atigi 100 ming rossiyalik O‘zbekistonga kelgan.
Aynan rossiyaliklarni misol sifatida bejiz keltirmayapmiz. Chunki yurtimizda sayyohlarga yetarli sharoit yaratsak, ayrim xizmatlarni arzon va hatto, bepul ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ysak, bizning asosiy mijozimiz rossiyaliklar bo‘lishi aniq. Chunki ularda sayohatga, ayniqsa, yurtimizga kelishga ishtiyoq kuchli.
Bugun O‘zbekistonda turizm potensialining mavjudligi uni rivojlantirish zaxiralari kattaligini ko‘rsatib turibdi. Turizm sohasini O‘zbekistonda yanada rivojlantirish uchun quyidagi ishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz:
– sayohatchilar uchun mo‘ljallangan kichik, o‘rta va katta avtobuslarni ishlab chiqarish va unda barcha qulayliklarni yaratish, yengil isitish va sovutish moslamalari, gaz yoki elektr plitalari bilan jihozlash lozim;
– Zarafshon daryosi yoqalarida, suv omborlari atrofida har xil ko‘ngilochar tadbirlarni yo‘lga qo‘yish kerak;
– tarixiy obidalarni tomosha qilish bilan birga, qadimiy hunarmandlik hududlarini tashkil etib, ekskursiyalar dasturini tuzish lozim. Masalan, Galaosiyoda 2-3 ta qadimgi usuldagi tegirmon o‘rnatib, bug‘doydan un qilib, non pishirishgacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga oladigan mayda korxonani tashkil etish mumkin. Kulolon mahallasida kulolchilik, Zargaron mahallasida zargarlik, zardo‘zlarning mahoratini ko‘rsatish kerak.
Shuningdek, shifobaxsh o‘simliklarni yetishtirish, terib olish, teatrlashtirilgan ko‘pkari maydonlarini yaratish mumkin. Katta avtobuslar ichida oila va kichik guruhlar uchun ko‘chuvchi mehmonxonalarni yo‘lga qo‘yish, ekologiya, etnografiya, gastronomik turizm yo‘nalishlarini keng rivojlantirish xorijlik sayyohlarda yurtimizga yanada qiziqish uyg‘otishi aniq.
Axtam NIZOMOV,
SamDU dotsenti, iqtisod fanlari nomzodi.