Stul yasashni o‘rgangan pastdarg‘omlik yigit kuniga besh million so‘m daromad qilyapti

Xorijda pul topish uchun mehnat qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu gapni Rossiya davlatida bir muddat ishlab qaytgan, bugungi kunda o‘z xonadoni yaqinida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan pastdarg‘omlik Farrux Ibragimov ham tasdiqlaydi.

Yetti yil oilamdan olisda, ming bir qiyinchiliklar bilan qurilishda mehnat qildim, - deydi u. – Xorijdan qaytganimdan keyin mahallamizdagi hokim yordamchisining maslahati bilan 30 million so‘m imtiyozli kredit olib, tadbirkorlikni boshladim. Dastlab, Farg‘ona viloyatiga borib, tadbirkorlardan stol-stul va arg‘imchoqlar yasashni o‘rganib qaytdim. Keyin korxona tashkil qildim va zarur uskunalar keltirdim. 5 nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlandi. Bugungi kunda buyurtma asosida stullar tayyorlayapmiz. Har biridan o‘rtacha 50 ming so‘mdan qolyapti. Bir kunda 100 ta stul tayyorlansa, 5 million so‘m daromad degani.

Yosh tadbirkor kelgusida faoliyatini kengaytirib, eshik va deraza romlari, yumshoq mebel mahsulotlari tayyorlashni ham rejalashib qo‘ygan.

To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (video).