Xorvatiyaning Petriniya shahri zilzila oqibatida deyarli vayron bo‘ldi
Xorvatiyada bugun olti va uch balli zilzila qayd etildi. Bu ikki kunda ikkinchi bor zilzila sodir bo‘lishi. Ofatdan eng ko‘p Petriniya shahri zarar ko‘rdi. Mahalliy ma’muriyat bergan ma’lumotiga ko‘ra, shaharning deyarli yarmi vayron bo‘lgan. O‘nlab qurbonlar bor. Zilzila oqibatlarini bartaraf etishda yordam ko‘rsatishga Yevrokomissiya va Yevrokengashi va’da berishdi. Ammo hozircha xorvatlar o‘z kuchlariga ishonishi kerak.
Zilzila epitsentri Xorvatiyaning markaziy qismidagi Petriniya shahriga to‘g‘ri keldi. Birinchi silkinishlar u yerda dushanba kuni sezilgan. Seshanbadagi kuchli zilzila shahar markazining katta qismini yashashga yaroqsiz holga keltirdi.
XINA davlat axborot agentligining xabar berishicha, Sisak shahri yaqinidagi qishloqdagi cherkovda “organist” bo‘lib ishlagan kishining jasadi bino vayronalari ostidan topilgan. Shuningdek, 12 yoshli qizning o‘limi haqida ma’lum qilindi. O‘nlab odamlar jarohatlar bilan kasalxonalarga yotqizilgan. Shuningdek, Petriniya va Glina shahrining bir nechta tumanlarida olti kishi tabiiy ofat qurboni bo‘lganligi haqida xabar berildi.
Zilzila hattoki qo‘shni mamlakatlarda - Chexiya, Slovakiya, Avstriya, Italiya, Sloveniyada ham sezilgan.
Hozircha ichki ishlar vazirligi zilzila tufayli fuqarolarga mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanishga ruxsat berdi. Oldin respublika hukumati koronavirus pandemiyasi sababli 8 yanvarga qadar hududlar o‘rtasida harakatlanishni taqiqlagan edi.