Xotin-qizlar o‘rtasida “Nafosat-2019” viloyat sport festivali o‘tkazildi

Samarqand shahridagi sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan xotin-qizlar o‘rtasida “Nafosat-2019” viloyat sport festivali o‘tkazildi.

Tadbir Samarqand viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.  

Unda 16 yoshdan yuqori bo‘lgan 500 nafardan ortiq ishtirokchilar sportning voleybol, basketbol, stol tennisi, gandbol, badminton hamda velosport turlari bo‘yicha jamoaviy, juftlik va yakkalik bahslarida bellashdi.

Festival yakuniga ko‘ra, voleybol bo‘yicha Samarqand shahri jamoasi birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, sportning basketbol turi bo‘yicha paxtachiliklarga teng keladigani topilmadi. Stol tennisi bo‘yicha Samarqand shahridan Munira Boboyeva barcha raqiblaridan ustun keldi. Gandboldan Past Darg‘om tumani jamoasi birinchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, badminton bo‘yicha jomboylik Gulhayo Tojinurovaga teng keladigan topilmadi.

Bellashuvlarning velosport turi bo‘yicha 25 yoshgacha sportchilar orasidan payariqlik Charos Sabiyeva marrani birinchi bo‘lib bosib o‘tdi. 26-35 yoshlilar o‘rtasida bulung‘urlik Bibioysha Mamayusupova epchilligini namoyish etdi. 35 yoshdan katta ishtirokchilar bellashuvida Payariq tumanidan kelgan Marg‘uba Nurmanova belgilangan masofaga birinchilardan bo‘lib yetib keldi.

Tadbir so‘nggida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning esdalik va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Husan ELTOYeV.