Xotin-qizlar qo‘mitasi tikuv mashinasi sovg‘a qildi

Jomboy tumanida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan boshlang‘ich xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini namunali yo‘lga qo‘yishga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tadbirda tuman va shahar xotin-qizlar qo‘mitalari hamda namunali boshlang‘ich tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova jamiyat hayotida ayollarning o‘rni va rolini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga yordam berish va qo‘llab-quvvatlashda boshlang‘ich tashkilotlar oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritdi. Bu borada zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.

Tadbirda faoliyati namunali deb topilgan boshlang‘ich tashkilotlar rahbarlariga viloyat xotin-qizlar qo‘mitasining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Seminar ishtirokchilari “Jomboy don” korxonasida xotin-qizlarga yaratilgan shart-sharoit, boshlang‘ich tashkilot tomonidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Tadbir doirasi viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tumanning Tut mahallasida yashovchi ikkinchi guruh nogironi N.Hasanova va “Samarqand” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi M.Abdurahmonova holidan xabar oldi. N.Hasanovaga tikuv mashinasi hamda M.Abdurahmonovaga uy-joy olish uchun uyning boshlang‘ich badali to‘langanligi to‘g‘risidagi sertifikat topshirildi.