Xotin-qizlar trener-moderatorlari viloyat hokimi tomonidan taqdirlandi

Mahallalardagi xotin-qizlar faollari uchun tashkil etilgan 3-bosqich maxsus o‘quv kurslarida jonbozlik ko‘rsatgan bir guruh trener-moderatorlar viloyat hokimi tomonidan taqdirlandi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ullari, xotin-qizlar faollari hududlarda ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashda vositachi bo‘lishi, shu bois ularning bilimi va malakasini oshirishga qaratilgan tadbirlar davom ettirilishini ta’kidladi.

—  Ikki kun davomida 215 ta mahalladagi xotin-qizlar faoli bilan ishladik, — deydi Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti dotsenti, loyiha trener-moderatori Jumagul Suvonova. — Bunda ularga ishsiz ayollarni kasbga yo‘naltirish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, oilalar mustahkamligini ta’minlash, zo‘ravonlikka qarshi kurashish hamda ajrimlarning oldini olish singari muhim yo‘nalishlarda to‘plangan ilg‘or tajribalar o‘rgatildi. Bundan tashqari, 10 dan ziyod soha mutaxassislari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha maxsus treninglar o‘tkazishdi. Kelgusida ularga mashg‘ulotlarda olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llashida ham ko‘mak beriladi.

Faol trener-moderatorlarga viloyat hokimining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.