Xotira maydonini obod qilish nega xotiradan ko‘tarildi?
Yaqinda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 78 yilligi yurtimizda keng nishonlandi. Aksariyat joylarda Xotira maydonlari obodonlashtirilib, aynan shu joyda tadbirlar o‘tkazildi.
Biroq Urgut tumani "Beshkon" mahalla fuqarolar yig‘inidagi Xotira maydoni bundan mustasno. Bunyod etilganiga ancha yil bo‘lgan maydon xarob ahvolda. Uning qanday holatda ekani haqida suratlarning o‘zi "so‘zlab" turibdi.
Davlatimiz bunday joylarga e’tibor qaratayotgan, odamlarni birlashtirsa, ko‘ngillilik bilan obodonlashtirishga bosh qo‘shadiganlar ko‘plab topiladigan oddiy holatda mutasaddilar nega beparvo? Ularning bunga bee’tibor ekanliklarini qanday baholash mumkin?
Ushbu Xotira maydoniga Urgut tumani hokimligi, bu yumushni bajarishga bevosita mas’ul rahbarlar e’tiborini qaratadi, degan umiddamiz.
Shu o‘rinda viloyatimizdagi boshqa ayrim Xotira maydonlarida ham bu kabi holatlar mavjudligini eslatib o‘tmoqchimiz. Hurmatli mas’ullar, Sizning hududingizdagi Xotira maydonining holati, saranjom-sarishtaligi xotirangizdan ko‘tarilmaganmi?..