Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi

2020 yil 22 yanvarda Prezidentimiz tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun imzolandi va joriy yil 23 yanvardan kuchga kirdi. Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Endilikda mansabdor shaxslar tomonidan xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish bazaviy hisoblash miqdorining 10-15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xususiy bandlik agentliklarining mansabdor shaxslari tomonidan o‘z faoliyati haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taqdim etmaslik, shuningdek, ma’lumotlarni buzib ko‘rsatish yoki ma’lumotlarni taqdim etish muddatini buzish bazaviy hisoblash miqdorining 15-25 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Huquqbuzarliklar ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, 25-35 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Abduaziz HAFIZOV,

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Samarqand viloyati filiali direktori.