XX asrning eng yirik kema halokatlari
Barcha dengiz halokatlari orasida mubolag‘asiz eng mashhuri “Titanik” va uning yo‘lovchilarining fojiasidir. Biroq XX asrda undan tashqari Gollivud filmlari syujetiga aylanishga ulgurmagan o‘nlab yirik suvdagi halokatlar sodir bo‘lgan. Bu kemalarning skeletlari hali ham suv tubida yashiringan va ulardagi yo‘lovchilar taqdiri jamiyat tomonidan unutilib yuborilgan.
Ushbu maqolada biz o‘tgan asrdagi dahshatli kema halokatlarini eslaymiz.
«General Slokam», 1904 yil
“General Slokam” paroxodi Amerikaning Nyu-York shahri bo‘ylab 1904 yilning 5 iyunida kemada sayr qilishga qaror qilgan 1358 kishi, shu jumladan 745 bola va 500 ayol bilan kema safariga chiqdi.
Kema qirg‘oqdan soat 9.30 da uzoqlashdi va yarim soat o‘tar-o‘tmas to‘satdan yoqilg‘i saqlanadigan kabina yonib ketdi. Yong‘inning tez tarqalishiga yonuvchan bo‘yoqlar bilan qoplangan yog‘och korpus sabab bo‘ldi.
Kemadagi qutqaruv jiletlari va qayiqlar to‘liq yaroqsiz, yong‘inga qarshi shlanglar esa teshilgan bo‘lib chiqdi. Vaziyatga ta’sir o‘tkaza olmagan kema ekipaji beixtiyor 1021 yo‘lovchi o‘limining guvohi bo‘ldi. Bu halokat AQSh tarixidagi eng yirik kema halokati sifatida tan olingan.
«Monblan», 1917 yil
Kanadaning 2500 tonna portlovchi modda tashuvchi “Monblan” yuk kemasi 1917 yil 6 dekabr kuni Galifaks shahri portida “Imo” yo‘lovchi kemasi bilan to‘qnashib ketdi.
To‘qnashuv natijasida “Monblan” yonib ketdi va 20 daqiqadan so‘ng butunlay portladi. 2,9 kiloton trotilga teng kelgan portlash energiyasi shaharning yarmini vayron qildi. Bu halokatda 1963 kishi qurbon bo‘ldi, 2000 dan ortiq kishi bedarak yo‘qoldi, 9000 kishi jarohatlanib, keyinchalik ularning 300 nafari vafot etdi.
Olimlar “Monblan”dagi fojiani yadro qurolidan oldingi davrdagi inson tomonidan uyushtirilgan eng kuchli portlash sifatida tan olishdi.
«Indigirka», 1939 yil
Yuk va ozod qilingan mahbuslarni tashish uchun foydalanilgan sovet paroxodi 1939 yilning 12 dekabrida navbatdagi safarga chiqdi va Xokkaydo oroli yaqinida kuchli bo‘ronga uchradi. Kapitan navigatsiyada xatoga yo‘l qo‘yganligi sababli kema qoyalarga urildi va yarim suv bosgan holatda yonboshi bilan cho‘kib qoldi.
Tryumlarda yashiringan 745 kishining aksariyati bo‘g‘ziga suv tiqilib cho‘kib ketdi. Keyinchalik G‘arb matbuoti bu dengiz halokatini “Sovet titaniki” deb nomladi.
«Oria», 1944 god
1943 yilda nemis paroxodi asirga olingan 4000 dan ortiq italiyaliklarni “Oria” kemasida Gretsiyaga olib ketayotgan edi. Patroklos oroli yaqinida kema bo‘ronga tushdi va qoyalarga urildi. Bu halokatda 4000 harbiy asirdan 21 nafari, 161 ekipaj a’zosidan esa faqat yetti kishi omon qoldi.
«Donya Pas» 1987 yil
1987 yilning dekabrida Filippin suvlarida suzib yuruvchi parom neft tashuvchi tanker bilan to‘qnashib ketdi. Neft to‘kilishi oqibatida alanga sodir bo‘lib, ikkala kemaga ham tarqaldi.
Ikki kema, shu jumladan Donya Pas ekipajidagi barcha qochoqlar cho‘kib ketdi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra suv 4300 ga yaqin yo‘lovchini yutib yubordi va bu baxtsiz hodisa tinchlik davrida yuz bergan eng yirik fojia deb ataldi.
Afsuski, hozirgi davrda ham vaqti-vaqti bilan kemalar halokati sodir bo‘lib turadi. Kelajakda texnologiyalarning rivojlanishi tufayli ekipaj xato qilishda to‘xtaydi va baxtsiz hodisalar bo‘lmaydi, deb umid qilish mumkin.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.