XXI asr tabiiy ofatlari: Erondagi dahshatli yer silkinishi

2003 yil 26 dekabr musulmon xalqlari uchun dam olish kuni bo‘lgan juma kunining tong sahari mahalliy vaqt bilan soat 05:26 daqiqa o‘tganda Eronning Qandahor viloyatining Bam shahrida 6,3 ballik yer qimirlashi sodir bo‘lgan. Bu vaqtda Bam shahri endigina uyqudan uyg‘ona boshlagan vaqt bo‘lgani uchun ko‘plab insonlar o‘limni uyqularida kutib olishgan. Loy g‘ishtdan yasalgan uylarning to‘rt tomoni devorlari yiqilib, uning ichidagi insonlar tiriklayin uy devorlari va tomlari tagida ko‘milib qolishgan. Yer qimirlash epitsentri 8 kilometr chuqurlikda Bam shahridan 10 kilometr uzoqlikda, ya’ni deyarlik Bam shahrining tagida joylashgan bo‘lgan. Yer qimirlash epitsentrida yer silkinishi 9 ballga yetgan.

Eronning rasmiy hukumati bir sutkada 5500 kishining dafn etilganiligini e’lon qilgan. Uch kun o‘tgach, ofatdan jabr ko‘rganlarni dafn etish bilan shug‘ullangan harbiylarning maxsus vakillari bergan xabarlarga ko‘ra, 20 ming odam dafn etilgan. To‘rt kun o‘tgach esa vayronalar ostidan 30 ming kishining murdalari topilgan. Mahalliy qabristonlarda ularni dafn etishga joy topilmagan. Odamlarning uylari yashab bo‘lmaydigan darajaga yetgan. Insonlarning turar joylarining butunlay vayron bo‘lishiga seysmofaol hududlarda qurilish qoidalariga amal qilinmaganligi sababchi bo‘lgan. G‘ishtlarning terilishi va unga qo‘yilgan aralashmalar sifati o‘ta past darajada bo‘lgan. Imoratlarga ishlatilgan pishiq g‘ishtlar sifatsiz va yetarli darajada pishirilmagan g‘ishtlardan iborat edi.

Ko‘hna Bam shahri bu yer qimirlashidan 35 ming aholisini yo‘qotgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining xabariga qaraganda, 70 ming aholi nobud bo‘lgan). 22 mingdan ortiq kishilar turli darajada jarohatlangan. Tarixiy shahardagi tuproqdan yasalgan inshootlarning 90 foizi vayron bo‘lgan.

Eron hukumati jahon jamoatchiligiga holakat tufayli yordam so‘rab muroojaat bilan chiqqan. Holakat oqibatlarini bartaraf qilish maqsadida 44 mamlakat Eronga o‘z mutaxassislarini yuborgan va 60 mamlakat yordam qo‘llarini uzatgan. Natijada Eron hukumati ko‘hna Bam o‘rnida yangi shahar bunyod etishni rejalashtirgan va oqibatda ofatdan tirik qolganlarning g‘azabiga uchragan.

Internet materiallari asosida Ortiq PARDAYeV tayyorladi.