Yagona ma’muriy qurilish reglamentlari tasdiqlandi
Unda qator yangi tartiblar belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-son qarori bilan “Qurilish sohasiga oid yagona ma’muriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan ko‘chmas mulk buzilishga tushgan yoki tushmaganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berishda davlat xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglament tasdiqlandi.
Mazkur reglament yuridik va jismoniy shaxslarning (keyingi o‘rinlarda — ariza beruvchilar) respublika miqyosida noturar bino va inshooti hamda turarjoylarni buzilishga tushganligi yoki tushmaganligi haqida ma’lumotnoma (keyingi o‘rinlarda — ma’lumotnoma) berish tartibini belgilaydi. Ya’ni, uy-joyning “snos”ga tushganini aniqlash bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatiladi, desak noto‘g‘ri bo‘lmaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari ma’lumotnomani taqdim etuvchi vakolatli organ hisoblanadi. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organlar o‘rtasida axborot almashish elektron raqamli imzodan foydalangan holda faqat elektron tarzda amalga oshiriladi.
Ariza beruvchi ma’lumotnoma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Ma’lumotnoma olish uchun arizalar YaIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Ma’lumotnoma 3 ish kunida rasmiylashtiriladi hamda ariza beruvchining elektron manziliga yuborilib, unga bu haqda xabar beriladi.
Ariza beruvchi o‘zi kelib, murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa – Reglamentga muvofiq davlat xizmatidan foydalanish uchun so‘rovnomani elektron tarzda to‘ldiradi va uni o‘z elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi.
Xizmatni ko‘rsatish uning uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi miqdorida (YaIDXP orqali murojaat qilganda summaning 90 foizi) yig‘im undiriladi. Vakolatli organ “snos” holatini o‘rganib, natijasi bo‘yicha QR-kodli ma’lumotnomani DXM yoki YaIDXP orqali taqdim etadi.
Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organlar o‘z faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan ariza beruvchi haqidagi ma’lumotlarning oshkor etilmasligini ta’minlashi kerak.
Ma’lumotnoma rasmiylashtirilgan kunning o‘zida «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida avtomatik ravishda hisobga olib boriladi.
Bahodir Qarshiyev,
viloyat hokimligi bosh yuriskonsulti.