“Yagona milliy mehnat tizimi”ga kiritmaslik holatlari uchun 1 sentyabrdan ma’muriy chora ko‘riladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 oktyabrdagi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, barcha yuridik shaxslar tomonidan 2020 yil 1 yanvardan boshlab “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida yangi mehnat shartnomalarini tuzish, amaldagi mehnat shartnomalariga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, ularni tugatish, mehnat daftarchalariga kiritiladigan yozuvlarni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan.

Prezidentimizning mazkur qarorining 12-bandiga ko‘ra, mehnat shartnomalarini, amaldagi mehnat shartnomalariga o‘zgartirishlarni, ularning tugatilishini mazkur yangi tizimda o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, elektron mehnat daftarchasini shakllantirish uchun mas’uliyat ish beruvchi zimmasiga yuklatilgan. Bunda ish beruvchilarga ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini, shu jumladan mehnat shartnomalarini tuzish, mehnat shartnomalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ularni tugatish tartib-taomillarini elektron ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshirish;

- ish beruvchilarning tuzilmasi (shtatlar jadvali), shu jumladan mavjud va yaratiladigan ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari, mehnatga haq to‘lash shartlari to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish;

- xodimning mehnat stajini hisoblash to‘g‘risidagi ma’lumotlar, hisoblangan ish haqi va jismoniy shaxslarning mehnatga haq to‘lash ko‘rinishidagi daromadlariga hisoblangan soliqlar, fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasi hisobiga to‘lovlar haqidagi axborotga asoslangan elektron mehnat daftarchasida jismoniy shaxslarning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish va yuritish vazifalari yuklatilgan.

Qaror ijrosi yuzasidan shu paytgacha viloyat bo‘yicha barcha – 41 ming 439 ish beruvchi tizimda ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ularda ishlovchi 458 ming 840 nafar jismoniy shaxslardan 443 ming 54 nafarining mehnat munosabatlariga oid ma’lumotlari “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida aks ettirilgan.

Viloyatimizning ayrim hududlarida mazkur qaror talablariga rioya etmayotgan ish beruvchilar ham mavjud. Bunday mas’ullar ishchi-xodimlarning mehnat munosabatlariga oid ma’lumotlarini 2020 yil 1 sentyabrdan kechiktirmasdan “Yagona milliy mehnat tizimi”da ro‘yxatdan o‘tkazishlari lozim. Ushbu ma’lumotlarni belgilangan muddatda tizimga kiritmaslik yoxud kechiktirish holatlariga yo‘l qo‘yilsa, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi birinchi qismiga asosan javobgarlik chorasi qo‘llaniladi.  

Muxtor Rustamov,

Samarqand viloyati bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.