"Yana keldim bag‘ringga, qishloq"

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “XXI asr” gazetasi bosh muharriri Norqobil Jalil 1961 yil 3 noyabrda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan.

Norqobil Jalil Toshkent lavlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan.

U jurnalistlik faoliyatini O‘zbekiston radiosi muharrirligidan boshlagan. “Turkiston” gazetasi bo‘lim mudiri, “Savdogar” gazetasi yetakchi muharriri, “O‘zbekiston ovozi” gazetasida bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, “Xalq so‘zi” gazetasi bo‘lim mudiri, O‘zbekiston televideniyesi “Ma’naviyat” bosh muharririyati bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston MTRK “Yuksalish” studiyasi bosh muharriri, “O‘zbekiston” davlat unitar korxonasi teleradiokanali bo‘lim boshlig‘i, “Oila va jamiyat” gazetasi bosh muharriri lavozimlarida ishlagan.

Norqobil Jalilning “Sog‘inchning rangi”, “Quyoshga tik qarab bo‘lmas” kabi kitoblari chop etilgan.

***

OLIS XOTIRALAR

Yana keldim bag‘ringga, qishloq,
Armonlarim senga ko‘milgan.
Eski tandir, o‘t bosgan o‘choq,
Uyimiz ham tekis surilgan.

Ko‘zlarimda miltiraydi yosh –
Xotiralar yerga to‘kilar.
Zor qalbimda tugaydi bardosh,
Mening yigit qaddim bukilar.

Ketib borar yo‘llarim ham chang,
To‘zonlari urar ko‘krakka.
Eh, changlardek qolmay ortimdan,
G‘am cho‘kadi yetim yurakka…


O‘TTIZ YIL SOG‘INChI

Daftarlarda qoldi kunlarim,
Xotiramni ko‘mayotir vaqt.
Sen qaytmagin, qaro tunlarim,
Sen qaydasan, men izlagan Baxt?!

O‘tinib yolvordim falakka,
Ko‘rsatma, ko‘z yoshu alamni.
O‘ttiz yil yashadim – dil yara,
O‘ttiz yil sog‘indim onamni.

Olis qishloq yana chorlaydi,
Tushlarimda oqshomu sahar.
Sog‘inchim quyoshday porlaydi,
Meni tushunmaydi tosh shahar.

Ko‘ngilginam, toshga aylanding,
Unutdingmi, uyni, qishloqni?
O‘zimdan o‘zgaga boylanding,
Onamday sog‘indim tuproqni.

Endi qayga borasan ko‘ngil,
Qay bir yurak tinglar so‘zimni?
Izlayapman seni o‘ttiz yil,
O‘zimga qaytargin o‘zimni…