Yangi agentlikning vazifalari va amalga oshirayotgan ishlaridan xabardormisiz?

Davlat soliq qo‘mitasi huzurida tashkil etilgan Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi va uning quyi tizimidagi yer nazoratchilari tomonidan o‘tkazilgan xatlovlarda 451 ta holatda 66 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlangan.

Shundan 45 gektari uy-joy qurish maqsadida, 4 gektar noturar joy qurish, 14 gektar tomorqa sifatida va 2 gektar boshqa maqsadlarda egallangan.

Yer maydonlarining 46 gektari ekin yerlar, 12 gektar ko‘p yillik daraxtzorlar o‘rni, 7 gektar yaylov va pichanzorlar, 1 gektar qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan boshqa yer maydonlaridir.

Aniqlangan holatlarni bartaraf etish yuzasidan qonun buzilishini sodir etgan shaxslarga 250 ta yozma ko‘rsatmalar, 78 ta yerdan foydalanuvchi sub’yektlarga hamda 287 ta mahalliy hokimliklarga taqdimnomalar, 88 holatda prokuratura va sud organlariga ma’lumotlar kiritildi.

Bundan tashqari, boshqarma tomonidan joriy yilning yanvar oyida Urgut tumanida qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yer maydonlaridan 2017-2021 yillar davrida belgilangan maqsadda foydalanilishi monitoring qilindi.

Unda 74,3 gektarda ruxsatsiz ko‘p yillik daraxtzorlar barpo etilganligi aniqlandi. Shuningdek, 479,2 gektar maydonda fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurilgan. 11,1 gektar yer maydon noturar joy qurish maqsadida egallab olingan.

O‘zboshimchalik bilan egallash xolatlarini aniqlash va tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha barcha tumanlarda monitoring ishlari davom etmoqda.

Qayd etish lozimki, Prezidentimizning 2021 yil 24 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan:

- davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va davlat kadastrlarini yuritish sohasida davlat nazoratini amalga oshiradi;

- yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi va ushbu yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan imorat qurilishini aniqlaydi;

- yer uchastkasi chegaralarini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi.

Agentlikka joriy yil 1 iyulga qadar:

- yerga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, hujjatlar to‘plamini shakllantirish va ularni ko‘rib chiqish monitoringini yuritish bo‘yicha «Ye-YER NAZORAT» avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish;

- yerga oid huquqbuzarliklarni o‘z vakolatlari doirasida ko‘rib chiqish va natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni «Ye-YER NAZORAT» tizimiga kiritib borish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining hududiy bo‘linmalari, sudlar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari axborot tizimiga integratsiya qilish;

-«Ye-YER NAZORAT» tizimining samarali ishlashini ta’minlash, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlarini aniqlash bo‘yicha “Davlat yer va kadastr nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Fozilbek Xudoyqulov,

Kadastr agentligining Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i.