«Yangi avlod»ning eski muammolari

Keyingi paytda hududlarni obodonlashtirish, aholining turmush tarzini yaxshilash borasida “mahallabay” ishlar amalga oshirilmoqda. Shahar yoki tuman markazlariga yaqin qishloqlar doim e’tiborda. Lekin olis hududlar-chi? Bu maskanlarda ahvol qanday?

Past Darg‘om tumanining chekka hududida joylashgan Yangi avlod mahallasi misolida qishloq ahlining bugungi hayoti bilan yaqindan tanishdik.

 Muxbirlar bormagan qishloq

Aytishlaricha, mahalla markazi bo‘lgan Gumbaz qishlog‘i o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida  juda chiroyli, ko‘rkam shaharcha bo‘lgan ekan. Maktab, bog‘cha, kinoteatr kabi inshootlar o‘sha paytlarda qishloq ko‘rkini ochgan bo‘lsa-da, yillar davomida  e’tibordan chetda qolganligi uchun bugun achinarli holga kelib qolgan. Mahallada kim bilan suhbatlashmaylik, “Qish­log‘imizga shu paytgacha foto yoki videokamera ko‘targan muxbir kelganini eslolmaymiz. Ammo ko‘pgina “katta”lar suratga tushirib ketgan, natija bo‘lmagan”, degan gaplarni takror-takror eshitdik. Biz gazeta va saytimiz orqali yoritsak, muammolariga yechim topilishidan umid qilib, ular birin-ketin dardlarini aytishdi.

- Qishloqni aylaning, sharoit bilan tanishing, - dedi mahalla nuroniylaridan Sodiq Murodov. – Yaqin yillar ichida yangi qurilgan  binoga ko‘zingiz tushmaydi, ko‘chalarimiz loy. Ichimlik suvi muammo. Ko‘pgina xonadonlarga suyultirilgan gaz ballonlar hali yetib bormagan. Borganlariyam bo‘shab qolsa, o‘z vaqtida almashtirilmaydi. Ishsizlik haqida gapirmasak ham bo‘ladi.

E’tiborimizni tortgan qo‘ng‘iroq  va qo‘lbola “batareya”lar

Mahalla oqsoqollari bilan suhbatlashib,  “mung‘ayibgina” turgan eski imoratlarni ko‘zdan kechirayotganimizda har yili 25 may kuni maktab bitiruvchilari chaladigan qo‘ng‘iroq jarangi e’tiborimizni tortdi. 3 ta qishloq bolalari ta’lim-tarbiya oladigan bilimlar maskaniga bordik.

- Nolimasligimiz kerak, keyingi yillarda elektr energiyasi ta’minoti ancha yaxshilandi, - deydi 96-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Maqsuda Doliyeva. – Ba’zan uzilishlar bo‘lganda shu qo‘ng‘iroqdan foydalanamiz. Maktabimiz binosi eski, 1977 yilda qurilgan. Haligacha biror bir dastur asosida ta’mirlash yoki rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmagan. Shu paytgacha sinfxonalarimizni turli xil pechlar bilan isitar edik. Yaqinda 4 ta zamonaviy qozonxona o‘rnatilib, isitish tizimi quvurlari tortildi.

Shunday bo‘lsa-da, o‘quvchilar darsda qishki kiyimda o‘tirishi bizni hayron qoldirdi. Sinf­xonalar sovuq bo‘lmasligi uchun temir quvur (profil)­lardan yasalgan qo‘lbola “batareya”lar o‘rniga zamonaviylari o‘rnatilishi kerakdir, balki?!

O‘quvchilar bizniki, ularning muvaffaqiyatlari esa...

- Maktabimizda bor imkoniyatlardan foydalanib, 288 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya berib kelyapmiz, - deydi maktab direktori o‘rinbosari Parda Tursunov. - Har yili kamida 2-3 nafar bitiruvchimiz oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirar edi. O‘tgan 2019-2020 o‘quv yilida maktabimizni tamomlagan yigit-qizlardan hech biri talabalik baxtiga muyassar bo‘lmadi. Shu mavzudagi bir voqeani eslasam ko‘nglim og‘riydi. 10 yil shu maktabda o‘qigan ikki nafar o‘quvchimiz, 11-sinfga ko‘chgach, ota-onasi bilan kelib, darslarga qatnashmasdan “repetitor”ga borishini aytdi. Biz esa ularga ruxsat bermadik. Keyin o‘qishini boshqa maktabga ko‘chirdi va o‘sha yerdan attestat oldi. Bugun ular talaba... Aynan 2020 yilda bitirgan o‘quvchilarimiz o‘qishga kirolmagan bo‘lsa-da, avvalgi yillarda maktabimizni tamomlagan farzandlarimizdan 10 ga yaqini oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyapti. Yoshlarimiz bilimga chanqoq. Qishlog‘imiz turmush sharoiti og‘ir bo‘lgani uchun ham ular o‘qishga va tuman markazi yoki shaharda yashashga intiladi. Sobiq o‘quvchilarimiz orasidan nufuzli tashkilotlarda mehnat qilayotgan malakali mutaxassislar, olimlar, deputatlar, harbiylar, sport chempionlari, davlat mukofoti sohiblari bor.

Onlayn darslarda qiynaldik

Qishloqda mobil aloqa sifati yaxshi emasligi yoshlarni qiynab kelayotgan muammolardan biri ekan.

- Ayniqsa, bu pandemiya davrida yaqqol ko‘zga tashlandi, - deydi maktab yoshlari yetakchisi Ozod O‘rinov. – Darslar onlayn bo‘lib, o‘quvchi va talabalar qo‘l telefonlari orqali internet tarmog‘idan foydalanishi kerak edi. Bu paytda albatta, aloqaning yomonligi pand berdi. Qishlog‘imiz yoshlari uyda dars tayyorlab, 2-3 kilometrlab masofa kezib, aloqa yaxshi joyni izlab ovora bo‘lishdi.

Tomi loysuvoq bog‘cha

Keyingi manzilimiz qishloqdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Bog‘cha hovlisiga kirib borarkanmiz qulog‘imizga ertak aytayotgan tarbiyachi opaning ovozi eshitildi. Dimog‘imizga chala yongan ko‘mir isi urildi. Derazadan chiqarilgan mo‘rilar bu yerda “burjuyka” pechlardan hali voz kechilmaganidan darak berib turardi.

- Yashirmayman, muammolarimiz ko‘p, - dedi xo‘jalik mudiri Umida Tojiyeva. – Bog‘chamiz zamonaviy isitish tizimiga ega emas. Hovlida bolalar o‘ynaydigan maydonchalar bugungi talabga javob bermaydi, arg‘imchoqlar yo‘q. Atrof paxsa devor bilan nomigagina o‘ralgan. Ikkita binomiz qurilganiga ellik yildan oshgan. Birining tomiga bir paytlar shifer qoplanganu, ikkinchisiniki loysuvoq. Sharoit og‘ir bo‘lsayam, tarbiyachilarimiz qo‘lidan kelgancha 60 nafar bolani tarbiyalab kelyapti.

Suv tashish azoblari

Gumbaz qishlog‘ida bir paytlar har bir xonadonga alohida quvurlar orqali ichimlik suvi kirib borgan. Bugun esa bu quvurlar muddatini o‘tab bo‘lgan.

- Eski “bashnya” yonidagi krandan chiqadigan suvdan qishloq aholisining yarmi foydalanadi, - deydi Abror Rustamov. – Bu yerda bir kunda 1-2 soat suv beriladi. Shu payt hamma suv  tashib qoladi. Qolganlar esa zax ariq bo‘yidagi ikki buloqdan ichishadi. Ularga suv inshootiga qaraganda buloqlar yaqinroq. Yozda chang, bahorning yog‘ingarchilik kunlarida loy, qishda yaxmalak ko‘chalarda suv tashish osonmas.

O‘zingning mashinang bo‘lmasa...

Aytishlaricha, qishloqda yo‘lovchilarga qonuniy transport xizmati ko‘rsatuvchi birorta avtomobil yoki avtobus yo‘q. Noqonuniy harakatlanib yurgan ayrim haydovchilar qishloq bilan tuman markazini bog‘laydigan ko‘chaga yo‘l harakati xavfsizligi va transport boshqarmasi xodimlari tekshirishga chiqibdi, degan mish-mishni eshitib qolsa, ular ham qatnamay qo‘yar ekan.

- Bir paytlar 3-4 mahal kelib-ketib turadigan avtobuslar qatnovi to‘xtab qolgan, - deydi Mahfuza Hasanova. – O‘zining shaxsiy avtomobili bor odamlarga bilinmaydi, boshqalar uchun shaharga borib kelish qiyin. Taksilar 8-10 ming so‘mdan qatnaydi. Qishlog‘imiz ayollari asosan qoramol va parranda boqib, sut-qatiq, tuxum sotib ro‘zg‘or qiladi. Masalan, qayta ishlash korxonalari vakillari qishlog‘imizga kelib, sutning litrini 2500 so‘mdan sotib olib ketishadi.  Tuman markazidagi bozorga borib qimmatroqqa sotib kelish mumkin, ammo yo‘l kirani hisoblasak, “ikki o‘n besh - bir o‘ttiz” bo‘ladi.

Mahallada bor-yo‘g‘i bir nafargina tadbirkor bor ekan. Unga qarashli oziq-ovqat do‘koni, oshxona va sartaroshxonadan boshqa savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtasi yo‘q.

Ko‘rgan-kechirganlarimiz bizda Gumbaz Past Darg‘omning chetidagina emas, e’tibordan ham chetda qolgandek taassurot qoldirdi.

Bugun mahallabay yurgan mas’ullar Gumbazga ham borarmikan? “Yangi avlod”ning muammolarini eshitarmikan, ularga yechim toparmikan?...

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov,

Zarnews.uz.