Yangi issiqxonada ilk bor 115 tonna pomidor yetishtirildi
Oqdaryo tumani hokimligi tomonidan tashkil etilgan press-turda jurnalistlar va blogerlar tumandagi yangi tashkil etilgan korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Press-tur ishtirokchilari dastlab Dahbed mahallasidagi “Asr imkon textile” MChJda bo‘lib, korxonada ishlab chiqarilayotgan tayyor trikotaj mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.
Joriy yilda oxirigacha to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan korxonada 300 dan ortiq ishsiz xotin-qizlarni bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Umumiy qiymati 14 milliard 800 million so‘m bo‘lgan loyihaga ko‘ra, korxonada 20 turdagi tayyor trikotaj mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan.
- Hozirda korxonamizda ishlayotgan 150 nafardan ziyod xotin-qizlar ishlab chiqargan tayyor masulotlar yurtimiz bozorlaridan tashqari, Rossiyaga ham eksport qilinmoqda, - deydi korxona direktori o‘rinbosari Javohir Burxonov. – Korxonamizda Turkiya, Yaponiya, Rossiya davlatlaridan keltirilgan zamonaviy to‘qish va tikish-bichish asbob-uskunalar o‘rnatilgan.
Tadbir ishtirokchilari Dahbed kichik sanoat zonasida ham bo‘lishib, 26 ta ish o‘rni yaratilgan “Xakim Bobo Grand” MChJ korxonasida 90 turdagi MDF eshiklar va mebel buyumlari ishlab chiqarilishi bilan tanishishdi.
O‘tgan yili ish boshlagan "Badghisi agro group" MChJ tomonidan faoliyati yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy issiqxonalar tumanning Baraka massivi hududida joylashgan. Umumiy qiymati 2 milliard 100 million so‘m bo‘lgan zamonaviy issiqxonada ilk bor 115 tonna pomidor yetishtirilib, xorijga eksport qilindi.
Shuningdek, tadbir qatnashchilari "United Joy Group" MChJ tomonidan faoliyati yo‘lga qo‘yilgan "United Joy Group" o‘quv markazida ham bo‘lishdi.
Dilmurod To‘xtayev.
***
Sunnatillo Ibragimov olgan suratlar.