Yangi Konstitutsiya farovon hayot uchun huquqiy asos
Samarqand shahridagi yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan tantanali marosim o‘tkazildi.
Viloyat faollari, hokimlik va huquq-tartibot organlari xodimlari, harbiylar, nuroniylar va yoshlar vakillari ishtirok etgan tadbirni viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ochib berdi.
Viloyat rahbari tadbir qatnashchilari va ular timsolida barcha samarqandliklarni ulug‘ sana bilan tabriklab, viloyatimizning iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlari va kelgusi rejalar haqida to‘xtaldi.
— Biz 2025 yil uchun ham oldimizga juda katta marralarni qo‘yganmiz, - dedi Adiz Boboyev. - Jumladan, aholi va tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlardan kelib chiqib, 4,1 milliard dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish imkoniyati aniqlangan. 2025 yilda hududiy dasturlar doirasida qariyb 2 milliard AQSh dollari miqdoridagi investitsiyani o‘zlashtirish hisobiga qo‘shimcha 1,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish hisob-kitob qilingan. Asosiysi, bu loyihalar viloyatimizning barcha tuman va shaharlarini qamrab olib, qo‘shimcha 20 ming ish o‘rni yaratilishiga xizmat qiladi.
Yangi Konstitutsiyamizning 47-moddasida har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga egaligi, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan. Viloyat rahbari ta’kidlaganidek, joriy yil hududda bu yo‘nalishda ham katta yutuqlarga erishildi. Jumladan, 1991 yildan 2017 yilgacha viloyatimizda 4878 xonadonli 136 ta ko‘p qavatli uy qurilgan bo‘lsa, 2017 yildan buyon 45 ming 267 xonadonli 1000 ta ko‘p qavatli uy bunyod etildi. Birgina joriy yilda 11300 xonadonli 182 ta uy qurilmoqda. Bu uylarning 77 tasi Yangi O‘zbekiston massivlarida bunyod etilyapti. Ahamiyatlisi, bu hududlarda shunga mos infratuzilma, xususan, yangi maktab va bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, bolalar maydonchalari va sport inshootlari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etilmoqda. Ayni sa’y-harakatlar natijasida aholining urbanizatsiya darajasi yil sayin oshmoqda.
— Yangi Konstitutsiya tibbiyot sohasida ham bir qator yangi imkoniyatlarni ro‘yobga chiqardi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Jiyanov. – Xususan, joriy yilning o‘tgan vaqtida qariyb mingta birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish muassasasining moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun 20 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. To‘rtta tumanlararo perinatal markaz tashkil etildi. 1 million nafardan ortiq samarqandliklar skrining tadbirlariga jalb qilindi. Sohaga qaratilgan bunday e’tibor samarasi o‘laroq, viloyat darajasida transplantatsiya va boshqa murakkab jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish imkoniyati yaratildi. O‘tgan vaqtda 25 ta buyrak, 3 ta suyak ko‘migi hujayralarining transplantatsiyasi muvoffaqqiyatli amalga oshirildi.
Tadbir samarqandlik taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokida konsert dasturi bilan davom etdi.
Ulug‘ sana munosabati bilan viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida bayram tadbirlari davom etmoqda. Bu yilgi tadbirlar doirasida joylarda “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil etilib, ularda Bosh qomusimizga oid ko‘rgazmali vositalar joylashtirildi.
Fuqarolar o‘rtasida "Konstitutsiya bilimdoni" ko‘rik-tanlovi, turli musobaqa va bellashuvlar tashkil etilmoqda.
Asqar Barotov,
Baxtiyor Mustanov (foto).