Yangi Mehnat kodeksida uy xizmatchilarini yollab ishlatish qanday tartibga solinadi?
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida uzoq kutilgan tartib joriy etilmoqda. Bu tartib uy ishchilarini yollash masalasi. Masalan, uyga oqsoch, bog‘bon, enaga, haydovchilar yollashni moddiy holati yetarli shaxslar xohlaydi, lekin buning huquqiy tartibi amaldagi mehnat kodeksida yo‘q edi, bu yangi kodeksda bor.
Viloyat bandlik bosh boshqarmasi davlat
mehnat inspksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Mansur Norboyev zarnews’uz ga ushbu tartibning huquqiy jihatlari haqida ma’lumot berdi.
- Uy ishchilari kimlar? Ish beruvchilar-chi? Avval shu savollarga javob izlaylik, - dedi M.Norboyev. - 16 yoshdan oshgan, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun ishlarni bajaruvchi, xizmatlar ko‘rsatuvchi xodimlardir. Bunda ish beruvchi bo‘lib oddiy jismoniy shaxslar ham bo‘lishi mumkin.
Mehnat shartnoma qanday tuziladi?
Mehnat shartnomasi uch nusxada tuziladi. Bitta nusxa yollanma ishchida, bitta nusxa ish beruvchi jismoniy shaxsda, bitta nusxa soliq organlarida bo‘ladi, xuddi ijara shartnomasidek. Bu nomuayyan va muddatli tuzilishi mumkin. Uy egasi ishchini oziq-ovqat va uy-joy bilan ta’minlaydigan bo‘lsa, bu shartnomada belgilanishi kerak.
Uy ishchisi yollash uchun buyruq chiqarilmaydi. Mehnat daftarchasi yuritilmaydi. Ish haftasi va yillik ta’til Mehnat kodeksidagi boshqa xodimlar kabi bo‘ladi.
Shartnoma qanday bekor qilinadi?
Shartnoma ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxs vafot etganda avtomatik tarzda bekor bo‘ladi. Xodimning o‘z vazifalari bir marta qo‘pol ravishda buzishlar ro‘yxatini shartnomada ko‘rsatish mumkin. Xodim o‘z xohishi bilan uni bekor qilmoqchi bo‘lsa, 7 kun oldin ogohlantirib, bo‘shab ketaveradi. Ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda uy xizmatchisiga ish staji hisoblanadi.