Yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni bepul ovqatlantirish qanday amalga oshiriladi?
“2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonda 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab 1-4-sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlashni tashkil etish belgilangan.
Natijada, joriy yilda bepul ovqat berish tizimi bilan 2,5 million nafar o‘quvchini qamrab olinadi va ushbu maqsadlarga 2,7 trillion so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltiriladi.
Aytish kerakki, 2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ushbu tizim bilan 273 ming nafar o‘quvchi qamrab olindi. Xo‘sh, Samarqand viloyatidagi umumta’lim muassasalari, tadbirkorlar mazkur jarayonga nechog‘lik tayyor? Bu masalada nima ishlar amalga oshirilishi kerak? Shu savollar bilan viloyat sanitariya epidemiologik-osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi boshlig‘i Iroda Aripovaga murojaat qildik.
- Yaqinda berilayotgan bepul ovqat turlari o‘quvchilarning yoshi va sog‘lig‘i holatiga ko‘ra me’yorlangan holda yetkazib berilayotgani, sanitariya talablariga javob berishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Xorazm viloyatida respublika seminarida ishtirok etib qaytdik, - deydi I.Aripova. - Mazkur jarayon bilan, uning yutuq va kamchiliklari bilan to‘liq tanishdik. Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, ovqatlanish deganda ikkinchi darsdan so‘ng beriladigan, ikkinchi nonushta sifatida o‘tadigan quruq taomlanish ko‘zda tutilgan. Ushbu nonushta tarkibida faslga qarab ho‘l meva, pechene va yana bir qandolat mahsulotidan iborat, qadoqlangan mahsulotlar kiradi. Bu har bir o‘quvchi uchun o‘rtacha 4-5 ming so‘m miqdordagi mahsulotlarni tashkil etadi. Tadbirkorlar bu mahsulotlarni barcha sanitariya me’yorlariga javob beradigan tartibda, aniq, belgilangan miqdorda maktab oshxonasiga yetkazib berish vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Seminar jarayonida mazkur tartiblarni buzgan yoki yetarlicha e’tibor qaratmagan mutasaddilarga jarima qo‘llanilgani ta’kidlandi.
- Ya’ni aytmoqchisizki, ijtimoiy tarmoqlarda bolalarga yetkazib berilayotgan mevalar orasida chirigan, yaroqsizlari ham borligidan shikoyat tarzda tarqalgan videolarga daxldor kishilar jarimga tortilgan.
- Xuddi shunday. Maktab o‘quvchilariga mazkur mahsulotlarini yetkazib berishda xatoliklarga yo‘l qo‘yish, bunga e’tibor qaratmaslik jiddiy choralarqo‘llanilishiga asos bo‘ladi.
- Bolalarga ikkinchi nonushta sifatida berilayotgan ozuqalar orasida sut mahsulotlari yo‘qligi taajjublanarli. Axir bolalar organizmi uchun sutning o‘rni juda katta. Qolaversa, yogurt va boshqa shunga o‘xshash yeguliklar bo‘lishi ular uchun foydaliroq emasmi? Nega menyuda bu mahsulotlar yo‘q?
- To‘g‘ri, seminar davomida ko‘pchilik shu masalaga e’tibor qaratdi. Asosiy sabab sut mahsulotlarining issiq paytlarda tez achib qolishi va ularning bola organizmiga nojo‘ya ta’siridir. Umuman olganda, taomnoma o‘quv yili boshlangunga qadar yanada takomillashtirilishi hamda o‘rganishlar, Xorazmda o‘tgan tajriba sinov jarayoni to‘liq tahlil etilib, yanada samarali yechimga kelish kutilmoqda.
- Maktablarda ikkinchi nonushta tashkil etishda ushbu muassasalardagi oshxonalar ham ma’lum talablarga javob berishi kerak. Aytingchi, bu holatlar o‘rganildimi?
- Bugungi kunda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarufidagi 1255 ta maktabda 320099 nafar bolalar 1-4 sinflarda tahsil olmoqda. Joriy yilning mart oyida shahar va tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari mutaxassislari umumta’lim maktablarida o‘rganish olib bordi. Aniqlanishicha, hozirgi kunda 304 ta maktabda oshxona oshxona maqomida, xonalar soni, jihozlar bo‘yicha talab darajasida, qolgan maktablarda bitta xonada, bufet sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Afsuski, xonalar to‘liq kerakli jixozlar bilan jihozlanmagan. Kommunikatsiya tizimlari nosoz holda (ichimlik suv, oqova tarmoqlari, ventilyasiya tizimlari, isitish tizimlari ishlamaydi). Oshxona elektr jihozlari va mebellari nosoz yoki umuman tashkil etilmagan. Ayrim maktablar oqib turuvchi sovuq suv va issiq suv bilan ta’minlanmagan. Buning uchun sig‘imlar ham o‘rnatilmagan. O‘quvchilarni shaxsiy gigiyenaga rioya qilishi uchun rakovinalar bo‘lsa-da, nosoz holdaligi yoki umuman tashkil etilmaganligi kuzatildi.
- Ba’zi misollarni keltira olasizmi?
- Misol uchun, Samarqand shahridagi 18-umumta’lim maktab oshxonasi bir qavatli loyihaviy binoda joylashgan. Oshxona binosida issiq, sovuq sexlar (xom go‘sht, sabzavotlar, un mahsulotlari uchun), omborxonasi, ovqatlanish zali mavjud. Barcha xonalari kapital ta’mirtalab. Issiq, sovuq sexlari to‘liq faoliyat ko‘rsatmaydi. Xom oziq-ovqat maxsulotlarini tozalash, taomlarni tayyorlash, idishlarni yuvish bitta xonada amalga oshirilmoqda. Maxsus qoplamali stollar yetarli miqdorda emas, idishlarni yuvish uchun barcha sharoiti yaratilmagan.
59-umumta’lim maktab oshxonasi uch qavatli binoning birinchi qavatida bir xonali moslashtirilgan binoda joylashgan. Oshxona binosida issiq, sovuq sexlari omborxona yo‘q. Ovqatlanish zali bor-yo‘g‘i 10 o‘ringa mo‘ljallangan. Idishlarni yuvish sharoiti to‘liq yaratilmagan. Oshxona jixozlari, katta elektr, gaz plitalari, ventelyasiya zondi yo‘q, issiq suv yo‘q.
Yoki Jomboy tumanidagi 56 ta maktab oshxonalarining barchasida xonasi yetishmaydi. Kommunikatsiya tizimlari nosoz, ishlamaydi. Idish yuvish vannalari yetarli miqdorda tashkil etilmagan.
Pastdarg‘om tumanidagi 127 ta maktabning 109 tasida oshxona mavjud emas. Faqatgina 18 ta maktab oshxonasi bo‘lib, ularning uchtasi, ya’ni 21, 8, 23-maktablarda oshxonalar loyiha asosida qurilgan. Lekin jihozlar bilan jihozlanmagan.
- Bu kamchiliklar bolalar uchun ajratilayotgan ommaviy ikkinchi nonushtani amalga oshirishda jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradiku?!
-Albatta shunday. Ushbu kamchiliklarni yangi o‘quv yili boshlanguniga qadar bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga o‘rganish va takliflarimiz natijalari taqdim etilgan. O‘ylaymizki, ularni bartaraf etish uchun muddat yetarli bo‘ladi.
Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.