Yangi o‘quv yilidan maktablarda matematika, kimyo va biologiya fanlari chuqurroq o‘rgatiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi hamda 2020 yil 31 yanvar kuni matematika, kimyo, biologiya va geologiya ilm-fanini rivojlantishga bag‘ishlangan yig‘ilishida ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlari sifatida matematika, kimyo, biologiya  va geologiya sohalari belgilandi.

Shu maqsadda, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab matematika, kimyo va biologiya fanlarini chuqurroq o‘rgatish uchun mazkur fanlarga qo‘shimcha dars soatlari ajratildi.

Jumladan:

-  10-sinf “Matematika” faniga haftasiga 1 soat;

-  10-11-sinf “Kimyo” faniga haftasiga 1 soatdan (jami 2 soat);

-  10-11-sinf “Biologiya” faniga haftasiga 1 soatdan (jami 2 soat).

Shuningdek, 2020 yil “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da mamlakatimizda ta’limning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga to‘liq javob beradigan axborot texnologiyalari joriy etilishi munosabati bilan 5-6-sinflarda “Informatika va axborot texnologiyalari” faniga haftasiga 0,5 soatdan (jami 1 soat) qo‘shib berildi.

Endilikda, xalq ta’limi tizimida 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab:

- matematika fani haftasiga 55 soat (o‘tgan yilda 54 soat);

- kimyo fani haftasiga 12 soat (o‘tgan yilda 10 soat);

- biologiya fani haftasiga 15 soat (o‘tgan yilda 13 soat);

- informatika fani haftasiga 10 soat o‘qitiladi (o‘tgan yilda 9 soat).

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 mayda “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda 2020 yil 12 avgustda “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.