Divan sotuvchisi miya chayqalishi sabab matematika dahosiga aylandi
Jeyston Padjett bugungi kunda taniqli matematik. U yaqin kunlargacha otasining do‘konida divan sotar va o‘zining aql-idroki bilan ajralib turmasdi. Keyinchalik kutilmaganda boshiga berilgan zarba uning hayotini butunlay o‘zgartirib yubordi...
Amerikalik Jeyson Padjett hech qachon matematikani yaxshi ko‘rmagan. Aksincha, u bu fanni haqiqatdan ajralgan nazariy fan, deb bilardi. Padjett kollejni tashlab, uzoq vaqt mebel do‘konida sotuvchilik qildi. U shovqinli o‘tirishlar, qizlar va sevimli qizil “Shevrolet” bilan qiziqardi. 31 yoshida Jeysonning hayoti Takoma shahridagi karaoke bar oldida ikki jinoyatchi hujum qilgandan keyin tubdan o‘zgardi.
Ilk alomatlar
O‘sha kuni u do‘stlari bilan dam olayotgan edi. Uyiga qaytayotganida noma’lum shaxslar boshining orqasiga zarba bilan urdi va narsalarini o‘g‘irlashdi. Hatto, yirtilgan kurtkasini ham olib ketishdi. Zarbadan so‘ng o‘ziga kelgan Jeyson uzoq vaqt davomida nima bo‘lganini va qayerdaligini tushumadi, ko‘zi oldida faqat yorug‘lik turardi. Kasalxonaga yetkazilgan yigitda shifokorlar miya chayqalishini aniqlashdi. Unga og‘riqsizlantiruvchi ukol qilib, o‘sha kuniyoq uyiga javob berishdi. Ko‘p o‘tmay, Jeyson ko‘chaga chiqishdan qo‘rqadigan bo‘lib qoldi, derazalariga adyollarni osib qo‘ydi, ishga borishni ham to‘xtatdi. Unda obsessiv-kompulsiv buzilish rivojlangandi.
Ulkan pikselli kamalak
Tajovuzdan so‘ng yigit yangi ko‘rish doirasiga ega bo‘ldi. U har qanday egri chiziqli narsalarni 90-yillarning boshlaridagi kompyuter o‘yinlaridagi to‘rtburchak buyumlar singari ko‘ra boshladi. Krandan oqayotgan suv, bulutlar, ko‘lmak, kamalak – Jeyson uchun bularning barchasi endi piksellardan iborat edi. “Men hayron bo‘ldim va sarosimaga tushdim. Bu nihoyatda chiroyli va shu bilan bir paytda, qo‘rqinchli edi”, deb keyinchalik tan oldi Padjett.
O‘sha paytda Jeyson hech qayerga bormagan va hech kim bilan muloqot qilmaganligi sababli, internet uning uchun bilimning asosiy manbai bo‘lib qoldi. U fraktallar haqidagi saytga duch keldi. Ushbu tushunchani ko‘plab o‘zaro bog‘langan kichikroq qorlardan tashkil topgan uchqun misoli izohlash mumkin. Ular o‘z navbatida, boshqa qor parchalaridan iborat bo‘ladi va hokazo... Fraktallar Padjettga tanish bo‘lib tuyuldi. U ushbu matematik tushunchadan hayratda qoldi, uni so‘z bilan tushuntirib berolmasdan, qo‘liga qalam oldi.
Chizmalar, kollej va psixologlar
Dastlab Padjett qo‘l bilan rasm chizdi, so‘ng chizgich va sirkullardan foydalana boshladi. Mingga yaqin fraktal chizmalar shu tarzda paydo bo‘ldi. Endi u har safar qo‘liga daftarini olib, ko‘chaga tez-tez chiqa boshladi. Jeyson o‘zining qo‘lida Koinotni anglash kaliti borligiga amin edi. Kunlarning birida o‘tib ketayotgan kishi uning chizgan rasmlariga e’tibor qilib, ulardagi matematik saviyani yuqori baholadi. Fizik bo‘lgan kishi Jeysonga matematikaga jiddiy munosabatda bo‘lishni maslahat berdi. Shundan so‘ng Padjett derazaga osgan adyollarni yechib olib, kollejga o‘qishga kirdi. Uch yillik zohidlikdan so‘ng bu yaxshilik alomati edi.
Jeyson ma’ruzalarga qatnasha boshladi, psixologiya bilan shug‘ullandi va tez orada bo‘lajak rafiqasi bilan uchrashdi. Kechqurun u Mayami universitetining nevrologi, doktor Berit Brogaard bilan soatlab telefonda suhbatlashardi. U Padjettda sinteziya borligini taxmin qildi. Bu bir sezgi organini qo‘zg‘atish orqali boshqasiga xos bo‘lgan hissiyotni keltirib chiqaradigan hodisa. Boshqacha qilib aytganda, miya turli xil sezgi signallarini chalkashtiradi. Sinestetlar matnni hidlash, ranglarni eshitish va musiqani ko‘rishi mumkin. Ushbu holat odamlarning atigi 4 foizida qayd etilgan. Ba’zilar ushbu noyob qobiliyat bilan tug‘iladi. Boshqalar esa jarohatlanish, qon tomiri yoki og‘ir allergik reaksiyadan so‘ng bu qobiliyatga ega bo‘ladi.
Daholik sindromi
Berit Broggardning fikricha, shikastlangan miya jarohati Padjettga maxsus sinesteziya shaklini keltirib chiqargan. Bu esa ba’zi narsalarning matematik formulalar va geometrik shakllarni ko‘rishiga sabab bo‘ladi. Ushbu nazariyani sinab ko‘rish uchun u Padjettning miyasini batafsil o‘rganish uchun Finlyandiyaning Aalto universitetiga taklif qildi. Taxminlar tasdiqlandi. Tadqiqotchilar amerikalikning oddiy odamlarda bo‘lmagan, miyaning ayrim qismlariga kira olish imkoniyatiga ega ekanligini aniqladi. Bundan tashqari, MRT skanerlari uning ko‘rish qobig‘i miyaning matematik hisob-kitoblar uchun javob beradigan qismi bilan bir vaqtda ishlashini ko‘rsatdi.
Finlyandiyada Jeyson Padjett o‘zini qiynagan savollarga javob topdi. Unda orttirilgan daholik sindromi yoki savant sindromi aniqlandi. Shundan so‘ng Padjett “Struck by Genius” tarjimai holini nashr etdi va fraktal tasvirlarni sotishni boshladi. U bularni chiza oladigan juda kam sonli kishilardan biriga aylangandi. Endi Jeyson dunyo bo‘ylab sayohat qilib, matematika va o‘zining g‘ayrioddiy tajribalari haqida gapirib beradi. Uning maqsadi o‘zi kabi, shunga o‘xshash noyob hodisalarga duch kelgan boshqa odamlarga yordam berish. Bu hikoyalarni keyinchalik ssenariyga aylantirish uchun yozib oladi.
Kechikkan pushaymonlik
48 yoshli Jeyson Padjettning ko‘zlarida oddiy narsalar murakkab kristall naqshlarga aylanib, geometrik shakllarni hosil qiladi. “Men buni hamma joyda ko‘rayapman. Siz bunday narsaning prinsipial jihatdan mumkinligidangina hayratlangan bo‘lar edingiz”, dedi u. Qanday qilib karaoke bar eshigida jarohat olib, divan sotuvchisi haqiqiy matematik dahoga aylanganini tasavvur qilish ham qiyin. Padjett 17 yil oldin unga hujum qilgan jinoyatchilarni aniqladi va ularni sudga berdi. Ammo ular jazolanmadi. Shunga qaramay, ulardan biri, bir necha yil o‘tgach, matematikdan kechirim so‘rab xat yubordi.
Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.