YouTube‘da “Samarqand matematiklari” kanali tashkil etildi
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi va xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi bilan hamkorlikda YouTube tarmog‘ida “Samarqand matematiklari” kanali tashkil etildi.
Xalqaro baholash dasturlariga samarali tayyorgarlik ko‘rish, matematika fani o‘qituvchilarining o‘zaro tajriba almashishi uchun yanada keng imkoniyat yaratish, ustoz-shogird an’anasini noan’anaviy tarzda davom ettirish maqsadida ochilgan kanalga umumta’lim maktablarining matematika fani o‘qituvchilarining eng ilg‘or videodarslari, dars ishlanmalari, metodik tavsiyalari joylashtirib borilmoqda. O‘z navbatida, fan o‘qituvchilari “Samarqand matematiklari” kanali orqali o‘zlarining malaka va tajribalarini oshirib borish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi.
Kanalga videodarslar joylanishidan oldin telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Ijodkor ustoz” guruhida yuqori malaka toifaciga ega matematika fani o‘qituvchilari darsning kamchiliklarini muhokama qiladi. Uni yanada to‘ldirish, kamchiliklarini tuzatish bo‘yicha videodars muallifiga tavsiyalar beriladi. So‘ng eng yaxshi videodarslar kanalga joylashtiriladi.
- Ayni paytda “Samarqand matematiklari” kanaliga 30 dan ortiq videodarslar joylashtirildi, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi metodik xizmat bo‘limi boshlig‘i Nizomiddin Odilov. - “Ijodkor ustoz” guruhida esa 60 ta videodars muhokama etilmoqda. Ushbu tashabbus karantin davrida matematika fani o‘qituvchilarining malaka va tajriba almashishlariga, qolaversa, o‘quvchilarning ham ushbu kanal orqali o‘z bilimlarini mustahkamlab borishlari uchun keng imkoniyat yaratadi.
Kecha viloyat xalq ta’limi boshqarmasi metodika bo‘limi hamda xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi mutaxassislari, metodistlar ishtirokida ZOOM platformasi orqali o‘tkazilgan onlayn yig‘ilishda “Samarqand matematiklari” kanali faoliyatini takomillashtirish, uni keng targ‘ib etish masalalari muhokama etildi.
Samarqand xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.