Yangi qaror: Mahalliy avtosanoat qanday rivojlanadi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi avtomobilsozlik sanoatini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qarorda asosiy ustuvorliklar belgilangan.

Birinchidan, 2019-2023 yillarda har yili yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmini 350 ming donagacha oshirish, ularni mahalliylashtirish darajasini o‘rta hisobda 60 foizgacha yetkazish, yuk avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqarish hajmini 10 ming donagacha oshirish, eksport hajmini esa 100 ming donagacha yetkazish ko‘zlanmoqda. Korporativ boshqaruvning zamonaviy usullari, “YeRP” avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi joriy etiladi. “O‘zavtosanoat” AJ tarkibiga kiruvchi kamida ikkita kompaniya IPO  (birlamchi ommaviy joylashtirish) o‘tkazadi.

Ikkinchidan, “O‘zavtosanoat” AJ huzurida doimiy faoliyat yurituvchi loyiha ofisi ish boshlaydi. Uning vazifasi – strategik rejalashtirish, boshqaruvni modernizatsiyalash, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarish, kadrlar tayyorlash va h.k. bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish.

Uchinchidan, tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar sifatida:

- yil oxiriga qadar “O‘zavtosanoat” AJ va uning ulushi mavjud bo‘lgan tashkilotlar tomonidan davlat xaridi bo‘yicha texnik topshiriqlar original ishlab chiqaruvchi (OYeM) yoki avtomobillar litsenziyalari tomonidan tasdiqlangan (belgilab qo‘yilgan) yoki tavsiya etilgan mahsulot yetkazib beruvchilarga nisbatan yoki bunday talab avtomobil mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkillashtirish bo‘yicha asosiy, litsenzion va investitsiyaviy bitimlar bilan o‘rnatilgan bo‘lsa, Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida ekspertizadan o‘tkazilmaydi;

2019 yil 1 oktyabrdan keyin tuziladigan shartnomalar bo‘yicha “UzAutoMotors” AJ tomonidan ishlab chiqariladigan avtomobillarga aksiz solig‘i bekor qilinadi;

- 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab yurtimizda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘lanadi;

- “O‘zavtosanoat” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning asosiy faoliyat turi bilan bog‘liq bo‘lmagan aktivlari QQSni (ko‘chmas mulk uchun) va haqiqiy qiymatini (ulushlar va aksiyalar paketi uchun) hisobga olgan holda ularning qiymatini baholamasdan “E-IJRO AUKSION” ga boshlang‘ich bahosi bo‘yicha auksionga qo‘yish orqali sotilishi mumkin. 2 oy ichida talabgorlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, boshlang‘ich bahosi qadam-baqadam tushirib boriladi;

- avto, tirkamali va osma texnikalar, shuningdek ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlarini (ro‘yxat e’lon qilinmagan) ishlab chiqarish uchun  ayrim tovarlar, materiallar va texnologik jihozlarni import qilishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga QQSni to‘lash muddatini 120 kunga uzaytirish imkoniyati beriladi.

 To‘rtinchidan, 1 oktyabrdan “TRADE-IN” dasturi tatbiq etiladi, bunda xaridorlar ilgari foydalanilgan o‘zlariga tegishli mashinani rasmiy dilerga topshirib, ular qiymatidagi farqni to‘lab yangi avto sotib oladilar. Dastur doirasida:

- rasmiy diler tomonidan ilgari foydalanilgan avtoni sotishda QQSni hisoblash uchun QQS summasini o‘z ichiga olgan sotilayotgan ob’yektning sotish narxi bilan balans qiymati o‘rtasidagi ijobiy farq soliqqa tortish bazasi bo‘lib hisoblanadi;

- rasmiy dilerlar tomonidan amalga oshiriladigan ilgari foydalanilgan va yangi avto oldi-sotdi shartnomalari majburiy notarial rasmiylashtirilmaydi (xaridorga hisob-ma’lumotnoma beriladi);

- rasmiy dilerlik tashkiloti tomonidan ilgari foydalanilgan avtomobillarini sotib olganlik uchun ularni IIV organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida yig‘im to‘lanmaydi.

 2019-2023 yillarda tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi, maxsus Ishchi guruh tuzildi, mas’ul tuzilmalarga bir qator topshiriqlar berildi.