Avtomashinaga noqonuniy ravishda "migalka" o‘rnatib olgan haydovchi ushlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda qora rangli “Lacetti-2” rusumli avtomobil (davlat raqami 01 A 337 AA) qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanganligi aks etgan ikkita video tarqaldi. O‘tkazib yuborishdan bosh tortgan haydovchilarga javoban, “Lacetti-2” haydovchisi maxsus yorituvchi va tovush signallarini yoqqan.

Toshkent shahar IIBB xabar berishicha, mazkur avtomobil Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan topildi. Uni 21 yoshli Muhiddinjon S. boshqarganligi ma’lum bo‘ldi. Haydovchida avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat bor edi. Ammo maxsus yorituvchi va tovush chiqaruvchi qurilmalarni o‘rnatishga esa ruxsati bo‘lmagan.

IIBBning eslatib o‘tishicha, tegishli ruxsat olmay turib, transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish – ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Muhiddinjon S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 127-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq (transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o‘rnatish qoidalarini buzish), shuningdek, 128-5-moddasi (transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi) bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasiga muvofiq, qoidabuzarning transport vositasi jarima maydonchasiga joylandi.

Haydovchiga nisbatan chora ko‘rish bo‘yicha qaror sud tomonidan qabul qilinadi.