Yangiqo‘rg‘oncha suyultirilgan gazga moslashtirilgan

Yangiqo‘rg‘oncha qishlog‘i nafaqat Kattaqo‘rg‘on tumani, balki viloyatda ham eng katta qishloqlardan hisoblanadi. E’tibordan chetda qolayotgan qishloqlar ham “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida obodonlashtirilib, ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda.
Bizning Yangiqo‘rg‘oncha qishlog‘imiz ham 2021 yilgi “Obod qishloq” dasturiga kiritilib, obodonlashtirish ishlari boshlandi. Lekin bir masala bizni ko‘p yillardan buyon qiynab kelmoqda. Gap shundaki, qishlog‘imiz 1992 yilda to‘liq tabiiy gaz bilan ta’minlangan edi. Biroq, 2013 yilda nimadir bo‘ldi-yu tabiiy gaz berish to‘xtatildi. Endi qish mavsumida ijtimoiy soha ob’yektlarida isitish muammosi yuzaga kelyapti. Hozirgacha qishlog‘imizga tortilgan tabiiy gaz quvurlari, gaz taqsimlagichlar ham joyida turibdi. Ammo tabiiy gazdan darak yo‘q.
“Obod qishloq” dasturi doirasida qishlog‘imiz yana tabiiy gaz tarmog‘iga ulansa, butun qishloq ahlining armoni ushalgan bo‘lardi.
Kattaqo‘rg‘on tumani, Yangiqo‘rg‘oncha qishlog‘i aholisi nomidan Adash Xudoyqulov, Akbar Omonqulov va jami 21 ta imzo.
P\s: Mazkur murojaatni tegishliligiga ko‘ra o‘rganish uchun "Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filialiga yubordik. Direktor o‘rinbosari A.Muhammadiyev imzosi bilan kelgan javob xatida jumladan, shunday deyiladi:
"Ushbu mahallada 2011 yildan buyon muntazam ravishda tabiiy gaz ta’minotida uzilishlar kuzatilganligi va hudud aholisini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlashning texnik imkoniyati bo‘lmaganligi sababli Prezidentimizning 2015 yil 7 iyuldagi PQ-2367-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 6 apreldagi 26-sonli yig‘ilish bayoni, shuningdek, viloyat xokimining 2015 yil 10 avgustdagi 174-sonli qaroriga asosan tabiiy gaz tanqisligi sezilgan hududlar ruyxatiga kiritilgan va suyultirilgan gazga moslashtirilgan.
Ayni kunlarda Yangiqo‘rg‘oncha mahallasida xonadonlar belgilangan tartibda “Kattaqo‘rg‘ontumangaz” filiali tomonidan suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. Mahalla xonadonlarini tabiiy gaz bilan ta’minlashning esa imkoniyati yo‘q".