Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida yangiliklar bor
Samarqand shahrida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyatini tushuntirish, uning ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Oliy Majlis Senati a’zolari Farmon Toshev, Farhod Boqiyev va Qonunchilik palatasi deputatlari G‘ayrat Abdiyev, Bekmirza Eshmirzayev hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining hajmi amaldagisiga nisbatan deyarli 3 barobar katta bo‘lib, 600 ga yaqin moddani o‘z ichiga olgan. Hujjatda individual mehnat munosabatlari, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qo‘shilgan. Seminarda senator va deputatlar ushbu kodeks loyihasini ishlab chiqish chog‘ida 10 dan ortiq xalqaro tashkilot, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari, 60 dan ziyod davlat tajribasi o‘rganilgani, Kodeks loyihasi Qonunchilik palatasida bir yil davomida chuqur tahlil etilib, maromiga yetkazilganini qayd etdi.
- Mazkur kodeks istiqbolda kichik biznes sub’yektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan aholi mehnatini huquqiy tartibga solish imkonini beradi, - deydi Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev. - Muhimi, rasmiy va norasmiy tarmoqda mavsumiy ish bilan band bo‘lganlarning mehnat huquqlarini tartibga solishdagi bo‘shliqlar va qarama-qarshiliklarni bartaraf etadi. Masalan, pandemiya sharoitida korxona, tashkilot va idoralar xodimlari masofadan ishlash tizimiga o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Ammo bunday vaziyatda ish beruvchi yoki ishchi xodimlarning huquqiy manfaatlarini himoya qiluvchi yoki tartibga soluvchi normalar mavjud emasligi amaliyotda bir qator muammolarni keltirib chiqardi. Shu kabi jarayonlarda rasmiylashtirish va xodimlar toifalari aniq belgilangan 452-464-moddalar kiritildi. Amaldagi Mehnat kodeksi bozor iqtisodiyotiga o‘tish vaqtida qabul qilingan edi. O‘sha vaqtlarda xususiy sektor ulushi atigi 21 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozir 83 foizdan oshgan. Shuning o‘ziyoq yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini qabul qilish ahamiyatini yuzaga chiqaradi.
Yangi tahrirdagi kodeksda ijtimoiy va huquqiy jihatdan kuchli himoya qilinishga muhtoj shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga soluvchi alohida bob kiritildi. Unda xotin-qizlarning mehnat sharoitlari, ish beruvchi homilador ayollarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tug‘ruqqacha parvarishlash uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha bo‘sh kunlar berishi shartligi belgilandi.
Sulaymon Mardiyev.