Yangi tajriba: soliq mahallaning o‘zida qoladi

2022 yil 26 dekabrda Prezidentimizning «Mahalla byudjeti» tizimini joriy etish orqali mahallalarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.

Unga asosan respublikamizdagi 14 hududdan bittada tumanda tajriba tariqasida mahalla byudjet tizimi joriy etildi. Ya’ni, soliqlarni undirish bo‘yicha ish olib boriladigan tumanlar ro‘yxati shakllantirildi. Oddiy qilib aytganda, ma’lum turdagi soliqlar hududning o‘zida qoldiriladi va aholining ehtiyojini qondirishga yo‘naltiriladi. Tajriba tariqasida o‘tkazilayotgan loyihada viloyatimizdan Urgut tumani tanlangan. 

Aslida bu tajriba dunyo davlatlari amaliyotida qo‘llaniladi. Misol uchun, Germaniyada aynan shunday tizim yaratilgan. Ularda 14 mingdan ortiq kommuna, ya’ni bizning mahallalarimiz shaklidagi o‘zini o‘zi boshqarish idoralari tashkil etilgan va har bir kommuna ikki xil soliqni o‘zida olib qoladi va shu hududning rivoji, aholi ehtiyoji uchun sarflaydi. 

- Bizda ham mahalla byudjeti tizimini joriy etish orqali mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytirish rejalashtirilgan, - deydi Urgut tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Obid Suvonov. – Bu orqali mahallabay ishlashni rivojlantirish, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlarini yig‘ish ko‘rsatkichlarini oshirish va yangi ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda qo‘shimcha mablag‘ jalb qilishga e’tibor qaratilgan. Mahallalar tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari aholining to‘lash savodxonligini oshirish orqali undirishga ko‘maklashish va har bir mahallada o‘z muammosini hal etish uchun 2023 yil 1 yanvardan ushbu qaror doirasida mahalla byudjet tizimi tajriba tariqasida tumanimizda o‘tkazilmoqda. 

Qarorda Davlat soliq qo‘mitasiga mol-mulk va yer soliqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga real vaqt rejimida uzatadigan mobil ilova yaratish yuklatilgandi. Qo‘mita tomonidan topshiriq asosida «Mening mahallam» mobil ilovasi yaratildi va tumanimizdagi 120 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raislarining mobil telefon va planshet qurilmalari «soliq.uz» ilovasidagi «Mening mahallam» ilovasiga ulandi. Endilikda mahalla raislari o‘z hududidagi fuqaroning mol-mulk va yer solig‘idan qancha qarzdorligi borligi, hisoblangan soliqlar va to‘langan summa to‘g‘risida onlayn ma’lumot olishi mumkin. 

Bu tajribada faqat jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari nazarda tutilgan. Noturarjoylar bo‘yicha undirilgan mol-mulk va yer solig‘idan tushgan mablag‘lar mahallalarga qaytarilmaydi. Ya’ni, jismoniy shaxslarning faqat mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha tushgan tushumlarning 10 foizi hisobot oyidan keyingi oyning 10 sanasidan boshlab tuman byudjeti orqali tegishli jamg‘armalarga yo‘naltiriladi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili mol-mulk va yer solig‘idan tushgan mablag‘lar tuman byudjetining o‘zida qoldirilgan. Yangi tizim targ‘iboti va samarasida ko‘rsatkichlar o‘tgan yil bilan solishtirilganda 314 foizga oshgan. Shunday bo‘lsa-da, hozir ko‘pchilikni soliqlar tumanning ixtiyorida qolsa, fuqarolarni qiynayotgan masalalar bo‘yicha tashabbusli byudjet (open byudjet) loyihasida ishtirok etish xavotir uyg‘otmoqda.  

-  Open byudjetda qatnashish mahallalarning ixtiyorida qolayotgan pul mablag‘lariga ta’sir o‘tkazmaydi, - so‘zida davom etadi O.Suvonov. - Open byudjetga mahalla raisi, hokim yordamchisi yoki mahalla faollari o‘zlari uchun dolzarb, deb hisoblagan masala loyihasini kiritishi va shu bo‘yicha ovoz yig‘ib loyihani yutib, olishi mumkin. Mahalla byudjeti tizimida har bir mahallaning o‘zi uchun alohida hisob raqami ochiladi va undirilgan soliq miqdorining 10 foizi ushbu hisob raqamga o‘tkazib beriladi. Tizim asosida shakllantirilgan mablag‘lar fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan boshqariladi. Demak, mablag‘ mahalla ixtiyorida qoladi, faqat mahalla raislari shakllantirilgan mablag‘larni tuman hokimligi, tuman moliya va iqtisodiyot bo‘limi bilan kelishgan holda sarflaydi.


Hozirda Bunyodkor, Mirzaqishloq, Algar, Jartepa, Kamongaron, Quyitegana, Mergancha, Yuqori Beshkapa mahallalari soliq tushumlarida faol bo‘lmoqda. Boshqa mahallalarda ham targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, yangi tajribaning samaradorligi tushuntirilmoqda. 

Misol uchun, Bunyodkor mahallasida 2023 yil uchun 1 milliard 200 million so‘m soliq hisoblangan va yilning o‘tgan uch oyida 200 million so‘m mol-mulk va yer solig‘i undirildi. Shu mablag‘ hisobidan 20 million so‘m ularning hisob raqamiga o‘tkaziladi va mahalla faollari o‘zlarini qiynayotgan masala yechimiga mablag‘ni yo‘naltirishi mumkin. Ushbu tizimning yana bir ahamiyatli tomoni - bunda soliq inspektori avvalgiday xonadonlarga bormaydi. Har bir mahalla fuqarolar yig‘ini raisi soliq yig‘ishning aqlli tizimi o‘rnatilgan elektron qurilmalar bilan jihozlandi. Bu uskunada mahalladagi fuqarolarning mol-mulk va yer solig‘idan qarzdorligi bor yoki yo‘qligini ko‘rish mumkin. Naqd pulda ham, plastik karta orqali ham soliqlarni to‘lash imkoniyati yaratilgan. Oddiy qilib aytganda, soliq inspektorining o‘rniga mahalla raisi ham fuqarolar bilan uchrashadi, ham soliqni undiradi. Tuman miqyosida o‘tgan yilning uch oyida 2 milliard 600 million so‘m soliq tushumlari undirilgan bo‘lsa, joriy yilning mos davrida soliq tushumlari 5 milliard 600 million so‘mga ortib, 8 milliard 200 million so‘mni tashkil etmoqda. Ya’ni, undirish uch barobarga ortdi. 

Tumanning Navbog‘ mahallasida bo‘lib, holatni kuzatdik. 125 gektar maydonni egallagan mahalladagi 900 xonadon (16 ta ko‘p qavatli uy)da 5,1 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. 2022 yilning 1-choragida mahalladagi 120 nafar fuqaro 66 million 150 ming so‘m soliq to‘lagan. Joriy yilning shu davrida esa 282 nafar fuqaro tomonidan 160 million 546 ming so‘m soliq tushumlari qayd etilgan. Ushbu mablag‘ning 10 foizi mahalla ixtiyorida qolishini inobatga oladigan bo‘lsak, hudud aholisini qiynayotgan masalalar qisqa muddatda yechim topishiga umid qilsa bo‘ladi. Ammo mavridi kelganda shuni ham aytish kerakki, bir nechta mahallada bo‘lganimizda ularning deyarli barchasida bir xil muammo borligini ko‘rdik. Ya’ni, soliq to‘lovini qabul qilishga mo‘ljallangan uskuna barcha turdagi plastik kartalarni qabul qilmaydi. Umid qilamizki, bu muammo ham tez orada bartaraf etiladi.

 

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.