Yangi vazir Past Darg‘omdagi uch avlod uchrashuvida ishtirok etdi

Tumanning olis Zafarobod qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan uch avlod vakillari uchrashuvida Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri Tursunxon Xudaybergenov hamda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ham ishtirok etdi.
Nuroniylar, o‘rta avlod vakillari hamda yoshlar ishtirokida uch avlod uchrashuvi yangi tashkil etilgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashabbusi bo‘lib, unda turli sohalarda fidokorona mehnat qilib, el-yurt hurmatini qozongan nuroniylar, sportchilar, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar vakillari, faol yoshlar ishtirok etmoqda.
Yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar o‘zlarining boy hayotiy tajribalari, bugungi kunda faxriylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, mustaqillik bergan imkoniyatlar, yurtimizda millatlararo totuvlik va hamjihatlik xususida o‘zlarining dil so‘zlarini bildirdilar. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot sari dadil odimlari samimiy suhbatlar, muloqotlarning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Tadbirda san’at ustalari ijrosidagi madaniy dastur ishtirokchilarga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Dorboz, ko‘pkari, kurash kabi milliyligimiz o‘zida mujassam etgan sport o‘yinlari tashkil etildi.