Yangi yil arafasida Paxtachida yangi ob’yektlar foydalanishga topshirildi

Paxtachi tumani Samarqand viloyatining eng olis hududlaridan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda ushbu tumanda ham keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, tuman markazi va qishloqlar qiyofasi tubdan o‘zgardi. Aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratilmoqda.

Bugun foydalanishga topshirilgan bir qator ob’yektlar Yangi yil bayramida paxtachiliklarga munosib sovg‘a bo‘ldi.

Jumladan, tuman markazida yangidan bunyod etilgan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada tuman aholisiga zamonaviy tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. 2 milliard 517 million so‘m mablag‘ sarflanib bunyod etilgan muassasa 100 qatnovga mo‘ljallangan. Bu yerda 8 nafar umumiy amaliyot shifokori va 26 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat ko‘rsatadi.

Shu paytgacha tumanning “Paxtachi” gazetasi o‘tgan asrda qurilgan eski binoda faoliyat olib borardi. Joriy yilda tuman hokimligi tomonidan tahririyat uchun barcha qulayliklarga ega shinam bino qurib berildi. Bugun ushbu maskan ham tantanali ravishda ochildi.

Shuningdek, bugun tuman markazida ikkita ko‘p qavatli turar joy binosi foydalanishga topshirildi. “Madina savdo belgisi” xususiy korxonasi tomonidan buyond etilgan 5 qavatli bu uylar 114 xonadonga mo‘ljallangan. Bir va ikki xonali uylar barcha kommunikatsiya tarmoqlariga ulangan.

Bu yil ilk bor tuman markaziga oqova suv tarmog‘i ham tortilib, korxona va tashkilotlar, aholi xonadonlariga ulandi. Ushbu qulaylik Paxtachi tumani markazini zamonaviy shaharchaga aylantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratishga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va jamoatchilik vakillari ishtirokida bugun tuman mahalla va oilani qo‘llab–quvvatlash bo‘limi binosi, energiya tejamkor uskunalar o‘rnatilgan un zavodi, suv inshootlari, namunaviy arzon uy-joylar ham foydalanishga topshirildi.