Yangicha usullar yaratgan fermer
Yaqinda Paxtachining Qizbibi qirlari etaklariga tutash Go‘ro‘g‘li mahallasiga, sultonobodlik paxtakor Gulsara Orziqulova faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaligiga bordim.
O‘rtacha 5-6 kilometr keladigan masofani avtoulovda bosib o‘tarkanman, to‘g‘ri, keng va ravon asfalt yo‘lning har ikki tomonidagi ko‘rkam uy-joy binolari, bog‘ va gullar og‘ushidagi hovlilar, madaniy-maishiy ob’yektlar, ishlab chiqarish inshootlari e’tiborimni tortmasdan qolmadi. Bular, mustaqillik bergan imkoniyatlardan, qishloq aholisining o‘zlari yashayotgan zaminga mehru muhabbati baland ekanligidan, ertangi kunga ishonch bilan hayot kechirayotganligidan dalolat berib turardi.
Ayniqsa, bu hududning eng janubiy Go‘ro‘g‘li mahallasidagi ijobiy o‘zgarishlar, keng miqyosdagi bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari yaqqol ko‘zga tashlanib turardi. Yo‘lning shundoq yoqasidagi qishloq qabristonining atrofi zamonaviy va ixcham devor bilan o‘ralganligi, ichki yo‘llarga asfalt yotqizilib, hatto mahallaning eng olis nuqtasidan Navoiy shahriga doimiy avtobus qatnovining yo‘lga qo‘yilganligi ham yurtdoshlarimizga, odamlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik yetarli darajada ekanligidan dalolat berardi.
Qishloqdagi ko‘pchilikning ko‘nglidagi o‘zgarishlar, uning yanada ko‘rkamlashayotganligidan hayratlangancha, manzilga yetib kelganimizni ham sezmabman. Gulsara opa Narpay kanalining o‘ng tarafida, biroz quyiroqdagi hovlisi oldida bizni ochiq chehra bilan kutib oldi. Salom-alikdan so‘ng maqsadimizni eshitgach, kelganingiz juda yaxshi bo‘libdi, o‘zimiz ham xo‘jayinim bilan tahririyatga borib, mahallamiz va qishlog‘imiz, qolaversa butun tumanimiz hududida amalga oshirilayotgan, birinchi navbatda odamlarni rozi qilish, ularning turmush sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlarni gazeta orqali bayon etmoqchi edik, deb qoldi.
Suhbatimiz to‘kin dasturxon, bir piyola choy ustida, momosining atrofida girdikapalak bo‘layotgan jajji nevaralari davrasida ancha davom etdi. Bu orada opaning umr yo‘ldoshi G‘aybulla aka Tursunov ham yetib keldi.
Tuman ijtimoiy-iqtisodiy hayotida keyingi davrda ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlar, rivojlanish sur’atlaridan o‘zim ham el qatori xabardor bo‘lsam-da, Gulsara opaning fikrlari meni qiziqtirib qo‘ygandi. Shuning uchun undan ana shular haqda so‘zlashini so‘radim.
Gulsara 1953 yilning ilk kuni, yanvar oyining birinchi sanasida sultonobodlik usta dehqon, tajribali brigada boshlig‘i, qator orden va medallar sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor Orziqul Jumayev va Malika opa Jumayevalarning ahil xonadonida dunyoga keldi. U esini paxta dalasida tanidi, desak mubolag‘a emas. Chunki, otasini juda yaxshi ko‘rar va imkon qadar undan ayrilmaslik payida bo‘lardi. Jajjigina qizaloqning dadasiga ergashib, dalaga kelishi, o‘zlariga tinimsiz savollar berishiga brigada a’zolari, qishloq qiz-juvonlari ham o‘rganib qolishgandi. Biroz ulg‘ayib, qo‘lidan ish kela boshlagach esa o‘zi ham brigada a’zolari safidan o‘rin oldi. Har yili erta ko‘klamdan kech kuzgacha, paxta hosili yig‘ib-terib olingunicha maktabdagi darslardan so‘ng g‘o‘za parvarishi, paxtadan mo‘l hosil yetishtirilishida bevosita ishtirok etdi. Paxtachilik mahorati sirlarini o‘rgandi. Dehqonchilikda muvaffaqiyatga zrishaman degan brigada boshlig‘imi, xo‘jalik rahbarimi, eng avvalo, yerga, elga e’tiborli bo‘lishi zarurligini anglab yetdi. Otasining yuqori mehnat natijalariga erishib, el-yurtda hurmat-e’tibor topishida yerga zarur mahalliy va mineral o‘g‘itlarni berish, barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z muddatlarida sifatli o‘tkazish, shuning barobarida brigada a’zolarining tashvishlarini o‘ziniki singari qabul qilish, ularga imkon qadar ko‘proq g‘amxo‘rlik ko‘rsatish muhim ahamiyat kasb etganligini tushunib yetdi.
Lekin, Orziqul akaning umri qisqa ekan, 1970 yilda bevosita paxta dalasida, traktor bilan bog‘liq baxtsiz hodisa oqibatida 44 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. O‘zining 17 yoshida deqqonchilikning oqu qorasini tanib ulgurgan tirishqoq va mehnatsevar qiz bunga qanday chidadi, o‘zi ham bilmaydi. O‘sha yili Samarqand qishloq xo‘jaligi institutining agronomiya fakulteti sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirib, 1977 yilda olim-agronom mutaxassisligi bo‘yicha muvaffaqiyatli tugalladi. Unga qadar “Paxtakor” jamoa xo‘jaligida bog‘cha mudirasi, pillachilik agronomi vazifalarida ishladi.
O‘shanda u oliy ma’lumotli mutaxassis emasmi, jamoa xo‘jaligi boshqaruvidagi shunga mos lavozimlarda ishlashi mumkin edi. Ammo, otasining ishini davom ettirishni istadi. 1978 yilda 126 gektar yer maydoniga ega yirik brigadaga rahbarlik vazifasi unga iishonib topshirildi.
– Shundan 2003 yil, jamoa xo‘jaligi tugatilib, fermerlik harakati boshlanguniga qadar 25 yil brigada boshlig‘i bo‘lib ishladim, – deydi Gulsara Orziqulova. – O‘sha davrlarda biror-bir yil yo‘q ediki, paxta yetishtirish va davlatga sotish yuzasidan berilgan topshiriqni uddalamagan bo‘lsak. G‘o‘za parvarishida ish sifatiga alohida e’tibor berardik.
Paxta yetishtirishning eng samarali hamda tejamkor usuli – chigitni pushtaga ekish ham jamoa xo‘jaligida birinchi bo‘lib, bizning brigadamizda joriy etilgandi. Yangicha usulda paxta maydonlarini chigit ekishga tayyorlash jarayonlari oldingisiga qaraganda sezilarli darajada qisqargandi. G‘o‘zapoyadan tozalangan dalalar bir marta shudgorlanib, molada tekislanar, shundan so‘ng jo‘yak olingan holda, zaxlatib sug‘orilar va yetilgach, pushtaga urug‘ qadalardi. Bu g‘o‘zaning chuqur va keng ildiz otishi uchun ham qulay bo‘lib, hosildorlikning ko‘tarilishiga xizmat qilardi.
Mehnatimizga yarasha, brigadamiz jamoa xo‘jaligida eng yuqori daromadli hisoblanardi. Mening o‘zim 230 rubl oylik maosh olardim. A’zolarimizning ish haqlari ham kam emasdi. Shunday bo‘lgach, barcha birdek qiziqib, vijdonan ishlardi-da! Astoydil mehnatimiz munosib taqdirlanib, 1991 yilda birinchi Prezidentimizning imzosi chekilgan O‘zbekiston Respublikasining “Faxriy yorlig‘i”ni olganimda xursandchiligimning cheki bo‘lmagandi.
O‘z vazifangni halol bajarsang, sidqidildan ishlasang, buni jamoang a’zolari sezisharkan, hurmatingni o‘rniga qo‘yisharkan. Brigadamiz a’zolarining aksariyati mendan ancha yoshi katta erkagu ayollar bo‘lishiga qaramasdan opa, hatto “ena” deb murojaat qilishganida, dastlab uyalardim. Keyinchalik o‘rganib ham ketdim. Endi bunday o‘ylab qarasam, faqat ishni talab qilavermasdan, a’zolarning hurmatini joyiga qo‘ysang, adolatli bo‘lsang, ishiga yarasha vaqtida pulining ham berilishini ta’minlasang, ishing yurishib ketaverar ekan.
Gulsaraning nisbatan yosh ekanligiga qaramasdan, yerga va brigada a’zolariga e’tiborli ekanligi bejiz emasdi. U bu fazilatlarni bolaligidayoq, otasining dalalarida uning ish yuritishi, yerga va elga munosabatidan o‘zlashtirgandi.
Gulsara Orziqulova jamoa xo‘jaligi tarqatilishi bilan sobiq brigadasiga tegishli 97 gektar maydonda “Hayrobod” fermer xo‘jaligini tashkil qildi. Fermer xo‘jaligi go‘yoki ahil oilaga aylandi. Shu bois mehnat muvaffaqiyatlari, bundan moddiy manfaatdorlik yanada ortdi. Fermerning o‘zi esa 2005 yilda “Damas” avtomashinasi, 2007 yilda “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.
Gulsara Orziqulova hamda G‘aybulla Tursunovlarning ibratli faoliyatini bugun ularning farzandlari Jamshid va Anvar Tursunovlar davom ettirishyapti. 2021 yilda “Hayrobod” fermer xo‘jaligi o‘rnida tashkil etilgan, ularning boshchiligidagi har biri 50 gektardan maydonga ega yangi “Hayrobod” va “G‘aybulla ota yerlari” fermer xo‘jaliklarida ham bugun paxta va g‘alladan mo‘l hosil olinmoqda. Jumladan, “G‘aybulla ota yerlari” fermer xo‘jaligi 2022 yilda paxta tayyorlash shartnoma rejasini nafaqat tuman va viloyatimiz, balki mamlakatimizda ham birinchilardan bo‘lib uddaladi. “Hayrobod” ham doimiy ravishda peshqadamlar qatorida. Bunda ularning ish yurituvchilari hisoblangan ota-onasining xizmatlari katta.
Izdoshlarning mehnat ko‘rsatkichlari joriy yilda ham yomon bo‘lmayapti. “Hayrabod”da dasht hududdagi 33 gektar g‘allazorning har gektaridan salkam 60 sentnerdan sifatli bug‘doy xirmoni ko‘tarildi. Xo‘jalikda o‘tgan yili 17 gektar paxta dalasining gektaridan 33 o‘rniga 40 sentnerdan hosil olingandi. Bu yerda joriy yilda ham ana shu yuksak marra ko‘zlangan.
Olim XO‘JAYeV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.