YANGILANAYOTGAN O‘ZBEKISTON: SHAVKAT MIRZIYOYEV FENOMENI

DAVRU DAVRON

(Mavlono Lutfiy g‘azaliga1 muxammas)

photo_2019-07-23_23-43-09.jpg

Ey shohijahon siz hama sulton orasinda,

Bundoq behisht yo‘q yeru osmon orasinda,

Haqdin keladir barchasi farmon orasinda,

Ey toj iyasi2 nasli Temurxon orasinda,

Sizga yarashur taxt bu davron orasinda.

 

El-yurt bu zamon saltanatu ahdqa loyiq,

Har azmu shijoat bila har jahdqa loyiq,

Bormu bu ulusdek karamu baxtqa loyiq,

Sultoni ulul-amr dag‘i taxtqa loyiq,

Sizsiz bu kun Eron dag‘i turon orasinda.

 

Evrulmadi gar bizga goh charx ramuzi,

Rost keldi lek toleni yuzi bila ko‘zi,

Davlat kuchayib, el kuchayib, qo‘llasa O‘zi,

Ilyosu Xizrdek cherigingiz3 qulavuzi4,

Arvohu malak ham dag‘i inson orasinda.

 

Siz el sharafiga sharaf-ul-sha’n erursiz,

Avzoyini olamni ki har on ko‘rursiz,

Ogohdurursizki mudom – shohdurursiz,

Iskandar eshitsaki oning sori yurursiz,

Jon bergay otosi kibi uchon5 orasinda.

 

Siz xalq nigohbonisizu baxt iligi,

El ravnaqiyu fazlu farovonchiligi,

Ig‘voyu nizo ichra erur dahr beshigi,

Chun sizga madadkordurur g‘ayb cherigi,

Dushman bari go‘y bo‘lg‘usi maydon orasinda.

 

Gar mehnatu zahmat aro goh tolursiz,

Ketgay bari lek yurtga bir razm solursiz,

To bor ekandir shu Vatan – siz qolursiz,

Siz Misrg‘a degru6 chu bilurlarki, olursiz,

Yusuf ilidur7 kulbai ahzon orasinda.

 

Davlat ila tole aziz boshdagi qushtur,

Ranjlarki chekdik bari ro‘yo ila tushtur,

Bu davr na davrondiru, davron na xushtur,

Lutfiy yemagil g‘am go‘sha iqboli o‘kushtur8,

Ko‘rgaybiz o‘zimizni Xuroson orasinda.

Sirojiddin SAYYID, 
O‘zbekiston xalq shoiri

 

 

SHAXSNING SHAKLLANISHI

Oqil Umurzoqovich3.jpg

1987 yilda meni irrigatsiya instituti rektori etib tayinlashdi. O‘shanda Shavkat Miromonovich institutning partiya qo‘mitasi o‘rinbosari lavozimida ishlardi.

Bu insonning o‘sha paytdayoq oliy ta’lim va yoshlarni tarbiyalash tizimidagi muammolarni chuqur tushunadigan qobiliyatli mutaxassis ekanini anglash qiyin emasdi.

... Bir kuni u shunday taklif bilan kirgan edi: “Institut potensialini ko‘tarish, ilmiy salohiyatni keskin rivojlantirish kerak”. Buning uchun nimalar qilish kerakligini birma-bir sanab ketdi.

O‘sha paytlari bu aytilgan islohotlarni amalga oshirishning mutloq imkoni ham, iloji ham yo‘q edi. Ammo... Shavkat Mirziyov aytganlarining barchasini amalga oshirib isbotladi. O‘sha paytlar Irrigatsiya instituti tom ma’noda mamlakatdagi yetakchi ilmiy dargohga aylangandi.

Buning uchun nima qildi?..

Shavkat Mirziyoyevning jamoada institutning birinchi darajali – oliy ta’lim dargohiga malakali o‘qituvchilarni jalb qilish, ilmiy-amaliy laboratoriyalar, kafedralar tashkil qilish kabi vazifalarni yorqin ko‘rsatib bera oldi. O‘sha paytda asosan kun tartibida institutga eng qobiliyatli yoshlarni jalb etish, ularning umumiy madaniyatini yuksaltirish, institutning ilmiy salohiyatini rivojlantirish masalasi turardi.

Bu maqsadda institut huzurida maktab tashkil etildi. Eng qobiliyatli yoshlar saralab olinib, bu maktabda o‘qitilardi. Ta’kidlash joizki, ular institut auditoriyalari va ustaxonalarida tahsil olib, o‘sha paytdayoq oliy ta’lim tajribasini o‘zlashtirgan edilar.

Keyinchalik ushbu maktab ko‘plab iqtidorli yigit-qizlarni tayyorlagan litseyga aylandi.

Talaba va o‘qituvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish dolzarb ahamiyat kasb etayotgan edi. Ushbu masalani hal etish uchun barcha zarur mutaxassis va uskunalar, shu jumladan, rentgen xonasiga ega institut poliklinikasi tashkil etildi. Shu tariqa institut hududini tark etmagan holda talaba va o‘qituvchilarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish masalasi hal etildi. Hatto tutash dahalar aholisi ham bizning shifokorlarga murojaat etishni afzal ko‘rardi.

Shuningdek, sportni rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilgan, xususan, futbol, voleybol, boks, kurash maydonlari va ringlari barpo etilgan hamda ta’mirlangan, suzish havzasi qurilgan. Bizning talabalar bir necha bor respublika musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni egallagan.

Shavkat Miromonovich o‘qituvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlash haqida doim qayg‘urgan. Institut huzurida 3 ta do‘kon faoliyat yuritgan, u yerda xodimlar imtiyozli narxlar bo‘yicha kerakli mahsulotlarni xarid qilgan. Bunga institutning yirik kolxoz va sovxozlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosidagi aloqalari imkon yaratdi. Shuningdek, mahsulot ta’minotiga institutning Toshkent viloyatidagi o‘z ekin maydonlari va sut fermasiga ega o‘quv xo‘jaligi katta hissa qo‘shardi. Mahsulotlarning bir qismi, jumladan, guruch, shakar, sabzavotlar vaqti-vaqti bilan kasaba uyushmalari qo‘mitasi orqali bepul tarqatilardi.

Talabalarni tarbiyalashda o‘qituvchining tashqi ko‘rinishi ham muhim o‘rin tutadi, shuning uchun “Yulduz” tikuv fabrikasida kiyimlar tikilishi yo‘lga qo‘yilgan va yiliga ikki marta ular eng yaxshi ma’ruzachilarga mukofot tariqasida berilgan.

Ushbu davrda kolxoz va sovxozlarni fermer xo‘jaliklari qilib qayta tashkil etish masalasi hal etish jarayonida edi. Shuning uchun institutda fermerlarni tayyorlash uchun maxsus o‘quv dasturlari ishlab chiqilgandi. Ushbu imkoniyatdan institutning to‘liq o‘quv kursini o‘zlashtira olmagan talabalar ham foydalanish imkoniga ega bo‘ldi.

Muntazam ravishda talabalarga umumiy va turmush madaniyati, jamiyatda, shaxsiy hayotda o‘zini tutish va boshqa qoidalarini singdirish bo‘yicha ishlar olib borilgan.

Men o‘shanda 60 yoshda edim, Shavkat Miromonovich 25 yoshda. O‘sha paytlari ham yosh bo‘lishiga qaramay, ko‘p masalalarda oliy dargohdagi mas’ul xodimlardan ko‘ra yaxshi bilimga egaligi chin ma’noda hayratda qoldirgan. Men ham ko‘pchilik qatori Shavkat Mirziyoyev uzoqni ko‘ra oladigan qobiliyat egasi ekanini ana o‘sha davrlarda sezgan edim. Bildimki, bu inson tengdoshlaridan ancha oldinda yurgan edi.

Shavkat Miromonovichning shu kabi ajoyib fazilatlarini biz endi mamlakat miqyosida amalga oshirayotgan islohotlari misolida ko‘rayapmiz.

Oqil SALIMOV, 
O‘zbekiston fan arbobi, akademik.

ShAVKAT MIRZIYoYeV XALQDAN AYRO EMAS, UNING BIR BANDIDIR

Men Shavkat Miromonovichni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi instituti talabasi bo‘lgan, yoshlarga yetakchilik qilgan davrlaridan beri bilaman. Talabaligidan so‘ng ham ilm o‘rganish, izlanishda davom etib, ilmiy xodim, fan nomzodi, institut prorektori darajalariga qadar ko‘tarildi.

a1fcdf1d-0cef-4627-a249-4e1b2eb02fbd.jpg

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

U kishi 1992 yili Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimida ish boshlagan vaqtlari respublika “Mahalla” jamg‘armasi raisi, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlaganim bois, tez-tez uchrashish, amalga oshirgan xayrli ishlariga guvoh bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lganman. Tuman hokimi sifatida birinchilardan bo‘lib “Mahalla” jamg‘armasini rivojlantirish taklifi bilan chiqqan edi. U kishi tumandagi 52 ta mahallaning har bir oqsoqolini yaxshi tanir, ishlaridan boxabar, mahalla muammolari, imkoniyatlari, aholi qiyinchiliklarini yaxshi bilardi. O‘sha yillarda Mirzo Ulug‘bek tumani mahallalari respublikada birinchilardan bo‘lib infrastrukturasini o‘zgartirgan edi. Ichki yo‘llarni asfalt qilish, savdo-maishiy shoxobchalar qurish, ko‘chalarni obodonlashtirish borasida samarali o‘zgarishlar bo‘lgandi.

Shuni aytish kerakki, Toshkentda oziq-ovqatlar, ayniqsa, sut mahsuloti nihoyatda tanqis edi. Shavkat Miromonovich sutni qo‘shni Sirdaryo viloyatidan keltirib, aholi talabini qondirardi. Bu ishni o‘rinbosarlari zimmasiga yuklab, har kuni ular ishini nazorat qilardi. Umuman olganda, Prezidentimiz mahallani davlat va aholi o‘rtasidagi ko‘prik, tayanch tuzilma sifatida ko‘rganlar. E’tibor bersak, oxirgi ikki yarim yilda mahallalar faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnik, ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanchadan-qancha ishlar qilindi. Bu ishlarning debochasi o‘sha davrda boshlangan edi, desam mubolag‘a bo‘lmasa kerak.

Shavkat Miromonovichning doimiy e’tibor markazida bo‘lgan sohalaridan biri sport bo‘lgan. Tumanda “Umid” degan tashlandiq, ta’mirtalab futbol maydoni bor edi. Yelib-yugurib, o‘sha davrlarda birmuncha qiyin bo‘lgan mablag‘ ajratish masalalarini hal etgan, stadionni ta’mirlab, yoshlarni sportga jalb qilish bo‘yicha ko‘pgina ishlar qilgan. Bir tumanning o‘zida oliy ligada o‘ynaydigan ikkita futbol klubi bor edi: “SSKA” va “Traktor”. Ayniqsa, “Traktor” klubi juda yaxshi natijalarga erishdi, klub stadioni yonida kattakon suv havzasi qurilib, yoshlarga beminnat xizmat qilgan. Bu ishlarni amalga oshirish o‘sha davrda oson bo‘lmagan, albatta. Mana, bugungi kunda Prezidentimizning yoshlar uchun ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusining ikkinchisi yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgani ham bu ishlarning ildizi naqadar chuqurligidan darak beradi.

Shavkat Miromonovich o‘sha davrlarda ham nihoyatda kamtarona hayot tarziga ega edi. “RAF” rusumli mashinada mahalla oqsoqollari bilan yurib, joylarga borib muammolarni o‘rganardi. Mahalla oqsoqollarini ishlashi uchun sharoitlar, o‘sha davrda bo‘lgan ikki kishilik mashinalar bilan ta’minlab, oqsoqollar g‘amini yerdilar. Bu ishlarning davomiyligini hozir ham ko‘ryapmiz, barcha hududlardagi mahallalarning mavqei yaxshilanmoqda, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari orqali mamlakat yangicha qiyofaga kirmoqda. Ularning sharoitlari, toza, ravon ko‘chalari bir-biridan qolishmaydi. Yana bir narsani alohida aytib o‘tishim lozimki, Shavkat Miromonovich qaysi hududda rahbar bo‘lmasin, o‘sha yerdagi qabristonlarni obod qilib, ozoda saqlashga alohida e’tibor qaratardi.

Tuman o‘ziga xos “okruglar”ga, bo‘lib boshqarilar, ishlarning bevosita nazorati esa hokim zimmasida edi. “Okruglar” bugunga kelib sektorlarga aylandi, ular bevosita mas’ullarga biriktirilib, ishi nazorat qilinadi. Bir vaqtlar Mirzo Ulug‘bek tumanida yo‘lga qo‘yilgan tajriba bugungi kunda butun respublikaga joriy qilinib, o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Shavkat Miromonovichdan kamtarinlik, mas’uliyat borasida hamma rahbarlar o‘rnak olishimiz lozim. U kishi nutqlarida tez-tez “Oyoqlaring yerdan uzilmasin!”, “Nima ish qilsang ham, avvalo, xalq manfaatidan kelib chiqib qil!”, “Haqiqiy bahoni xalq beradi”, “Qarsakbozlik, ura-urachilik, quruq gaplar kerak emas!” kabi xitoblarni ta’kidlashi bejiz emas. Yodimda, o‘sha vaqtlar Shavkat Miromonovich institut prorektori, deputat bo‘lsalar-da, oilasi bilan ikki xonali uyda ijarada turardi. Ilm yo‘lidagi izlanishlar, dissertatsiya yozish mashaqqatlari ana shunday murakkab sharoitda bo‘lgan. Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanga hokim bo‘lgachgina u kishiga uy berilgan. Bu ham oson bo‘lmagan. O‘sha vaqtlar uy olish ham juda og‘ir, uy berishga mas’ullarning oshig‘i olchi, o‘ziga bino qo‘ygan paytlar edi.

Shavkat Miromonovichga uy berilsa-da, uni olguncha rosa yugurishlar, sansolarliklar bo‘lgan. Buni qarangki, o‘sha ovoragarchiliklarga sabab bo‘lib, tashvishlarini ko‘paytirgan ayol Shavkat Miromonovich tumanga hokim sifatida ish boshlab, yig‘in o‘tkazganlarida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib o‘tirgan, u kishini tanib ancha xijolatli holga tushgan. Ayol yig‘ilishdan so‘ng yonlariga kirib uzr so‘ragan, ishdan bo‘shamoqchiligini bildirganda, Shavkat Miromonovichgina kek saqlamasdan, xatoingizni anglagan bo‘lsangiz ishlayvering, boshqa bunday qilmasangiz bo‘ldi, qabilida gapirgan. Shavkat Miromonovich kamtar, mas’uliyatli bo‘lish bilan birga, kechirimli ham. O‘zi ham bot-bot ta’kidlaydi, “Hamma narsani kechirishim mumkin, faqat xiyonatni kechirmayman” deb.

Men barchaning muammolarini xuddi o‘zining tashvishidek qabul qiladigan, kamtar, mas’uliyatli, harakatchan, xalq dardida halovatni unutgan inson Shavkat Miromonovichdan barcha rahbarlar o‘rnak olishini istar edim.

Shuhrat JALILOV, 
O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini 
qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisi.

IJTIMOIY HAYoTNI KESKIN ISLOH QILGAN YETAKCHI

5.jpg

Barcha zamonlarda mamlakatda amalga oshirilgan o‘zgarishlar, avvalo, qurilishlar, imoratlar, inshootlar bilan o‘lchangan. Avlodlar ajdodlar tomonidan bunyod etilgan inshootlar, imoratlarga qarab o‘tgan davrni o‘rgangan, baho bergan. Bunga dunyoning barcha mamlakatlari kabi Vatanimiz tarixida ham misollar ko‘p.

Men ham o‘zimning sakson besh yillik umrim davomida Vatanimiz tarixiga daxldor ko‘plab katta ishlarga ishtirokchi, guvoh bo‘ldim. Yoshlardan farqli, biz keksalar bugungi ishlarga o‘tmishda ko‘rganlarimiz bilan qiyoslab, hayot tajribasiga asoslanib baho beramiz. Ko‘rganlarimdan, bilganlarimdan xulosa chiqarib, davlatimiz mustaqillik davrining so‘ngi ikki yili Vatanimiz tarixida nurli sahifalar bo‘lib qoladi, deb ishonch bilan ayta olaman.

Shavkat Miromonovich Jizzax viloyati xokimi bo‘lib ishlagan 1996-2001 yillar ham oson davrlar emasdi. Hali eski qarashlar, odatlar kuchliligidan davlatchiligimiz asosini yaratish, yangi qonunlarni hayotga tatbiq etish oson kechmagandi. Buning ustiga eski tuzumdan qolgan xo‘jalik yuritish, ijtimoiy infratizim izdan chiqqandi.

Shunda bu kishining, yosh bo‘lsa-da, odamlar bilan til topa olish, jamoani boshqarish talanti, ishchanligi to‘liq namoyon bo‘ldi. Avvalo katta tajribaga ega faxriylardan, mutaxassislardan ishchi guruh tuzib, barcha muammolarni joyida hal etishni yo‘lga qo‘ydi. Natijada deyarli, o‘zibo‘larchilikka tushib qolgan qishloq xo‘jalik boshqaruvida, aholiga xizmat ko‘rsatishda zarur tartib o‘rnatildi, faollar jipslashdi.

Shu yillarda eng yomon ahvolga tushgan Jizzaxdan Sirdaryo va Samarqand viloyati hududigacha bo‘lgan markaziy avtotrassa ta’mirdan chiqarildi. Jizzax shahri markazida 5 ta to‘qqiz qavatli uy, Jizzax davlat pedagogika instituti, bir abgor ahvoldagi maktab va shifoxonalar binolari ta’mirlanishi odamlarda viloyat rahbariga ishonchini o‘yg‘otdi.

Bugun g‘oyat shiddatli davrda yashayapmiz. Bundan yigirma yil avvalgi ishlarni bugungi o‘zgarishlar bilan taqqoslab bo‘lmaydi. O‘zgarishlar juda mahobatli, ko‘lami g‘oyat keng. Ular barcha sohada – iqtisodiyotda ham, ijtimoiy sohalarda ham shu qadar yuqori sur’atlarda amalga oshirilmoqdaki, ba’zan barchasini quvvai hofizamizga singdirish, sanab chiqish qiyin.

Prezidentimiz 2017 yilning boshida Jizzax viloyatiga qilgan tashrifi davomida viloyat faollari, biz, mehnat faxriylari bilan uchrashuvlarda hududni iqtisodiy, ijtimoiy rivojlantirishda ahvoldan noroziligini bildirgan, amalga oshiriladigan vazifalarni, muddatlarni aniq belgilab bergan edi. Shundan keyingi o‘zgarishlar esa nihoyatda tez amalga oshdi.

Xususan, Jizzax shahri butunlay go‘zal qiyofaga kirdi. Qisqa vaqtda amalga oshirilgan bu bunyodkorlik rostdan ham ertakmonand bo‘ldi. Bundan men quvonaman. Bundan hamma quvonmoqda.

Men yana o‘zimning tug‘ilib o‘sgan tumanim – Forishda bo‘layotgan o‘zgarishlardan yana quvonyapman. Viloyat hududining yarimidan ziyodini egallagan tumanda bundan atigi ikki yil avval birorta sanoat korxonasi yo‘q edi. Bugun bu yerda toshni eritib, undan temir o‘rnini bosuvchi bazalt tolasi ishlab chiqaradigan Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Mega invest industrial” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi o‘z mahsulotlarini xorijga eksport qilayotir. Prezidentimizning shaxsan tashabbusi va topshirig‘i bilan “Karaman” suv ombori qurilib, 50 ming gektardan suvli yer ochilayotir.

Viloyatimizning boshqa hududlarida bundan ham katta o‘zgarishlar yuz berayotir. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Obod qishloq” dasturi asosida qaytadan qurilgan Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘i, Mirzacho‘l tumani markazi – Gagarin shahri faqat yurtdoshlarimizda emas, olis-yaqin qo‘shni mamlakatlar fuqarolarida ham havas uyg‘otmoqda.
Men Mirzacho‘lda o‘n yil tuman ijroiya qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlaganman. Shuning uchun katta-kichik ma’rakalarga taklif etishganda borib turaman. Bu yerda atigi yetti oyda qilingan ishlarni ko‘rib, ham hayratga tushaman, ham quvonaman.

Bugun viloyatning barcha tuman markazlari shunday yangilanayotir. Bular o‘zgarishlarning tashqi ko‘rinishi. Eng katta o‘zgarish odamlarning turmushida, ularning qalbida kechayotir. Men yigirma yildan ziyod nogironlar jamiyati viloyat bo‘limiga rahbarlik qilib kelayotgan odam sifatida bugun davlatimiz rahbarining ehtiyojmand fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratayotgan e’tibori har bir yurtdoshimiz hayotida, ularning qalbida qanday aks-sado berayotganini yaxshi bilaman.

Birgina keyingi ikki yilda viloyatda 20 mingdan ziyod ijtimoiy himoyaga muhtoj yurtdoshimiz yangi uyli bo‘ldi. Ulardan 30 foiziga uylar tekin berildi. Davlatimiz rahbarining alohida farmoni bilan nogironlarni qo‘llab-quvvatlash tubdan yaxshilandi.

Bu o‘zgarishlarning barchasini sanab chiqish qiyin. Hamma soha, butun hayotimiz, jamiyat o‘zgarmoqda. Xorijga borayapmiz. Keksalar bog‘ yaratayapti, yoshlar kitob o‘qiyapti. Hamma o‘zgarishlar, yangilanishlar odamlarda Prezidentimizga, davlatimizning odil siyosatiga ishonch uyg‘otayotir, Vatanga, yurt kelajagiga ishonchini mustahkamlanayotir.

Aslida eng katta o‘zgarish ham shu – odamlar qalbining, qarashlarining yangilanayotgani.

Abdulla QARShIBOYeV, 
O‘zbekiston nogironlar jamiyati Jizzax viloyati bo‘limi raisi, 
mehnat faxriysi.

 

-----------------------------------------------------------

1 Mavlono Lutfiyning mazkur g‘azali Sohibqiron Amir Temurning nevarasi, Shohruh Mirzoning o‘g‘li, Hirot hukmdori Boysung‘ur Mirzo bag‘ishlangan. 
2 Iya – ega, sohib. 
3 Cherik – lashkar, armiya. 
4 Qulavuz – yetakchi, yo‘lboshchi. 
5 Uchon, ujon – ikki yelkanli kema. 
6 Degru, tegru – ...gacha, ...qadar. 
7 Ili, ilik – qo‘li, qo‘l. 
8 O‘kush – ko‘p, ancha, talay.

 
O‘zA.