Yarashganlar jazolanmaydi

"Yarashganlik munosabati bilan jazodan ozod qilish amaliyoti 2001 yilda Jinoyat kodeksiga 66-1-modda sifatida kiritilgan edi. Bu institut amaliyotda o‘zini oqladi va bugungi kunda ham samarali foydalanib kelinmoqda. Yarashganlik instituti joriy qilinishi tufayli juda ko‘p fuqarolar jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi va ozod qilinmoqda. Shu bilan birga, ayrim fuqarolar qonunchilikdagi bu imkoniyatdan oqilona foydalanib, qilmishidan pushaymon bo‘lib, o‘zaro yarashib, to‘g‘ri xulosa chiqaryaptilar.
Bu gap Samarqand viloyati sudi sudyalari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman-shahar sudyalari ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi seminar-mashg‘ulotida aytildi.
Sud statistikasi ma’lumotlari hamda yarashuv to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyotini o‘rganish natijalariga ko‘ra, jinoyat qonunchiligiga ushbu institutning kiritilishi jinoiy huquqiy munosabatlarni erkinlashtirishda samarali vosita bo‘ldi. Mazkur institut jabrlanuvchining huquqlarini ishonchli himoya qilish, respublikada sudlanganlik holatini kamaytirish, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish institutining kengroq qo‘llanilishiga imkon yaratdi.
Seminarda viloyat sudining sudyasi Jamshid Botirov mazkur yangilikni batafsil sharhlab, tushuntirib berdi.
– “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun 2021 yil 4 oktyabr kuni Prezident tomonidan imzolandi, – dedi J.Botirov. – Mazkur qonunga asosan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 21-2-modda bilan to‘ldirildi. Bu modda yarashilganligi munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish deb nomlanadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda qayd etilgan jami 12 ta modda yarashuv institutiga tushishi qayd etildi.
Masalan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 40-moddasida (tuhmat), 41-moddasida (haqorat qilish), 45-moddasida (fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish), 46-moddasida (fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish), 461-moddasida (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish), 52-moddasida (yengil tan jarohati yetkazish) va shunga o‘xshash ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs, agar u o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, ma’muriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Ilgari taraflar yarashgan, o‘zaro kelishgan, zararlar qoplanib, o‘rtada adovat qolmagan holatlarda ham sud ma’muriy jazoga tortishga majbur edi.
Samarqand viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.