Yarim yerto‘lada yashash mumkinmi?
Qurilish vazirligi tomonidan shaharsozlik me’yorlariga o‘zgartishlar kiritilib, yangi ko‘p qavatli uylarning yarim yerto‘lalariga yashash xonadonlarini ham joylashtirishga ruxsat berildi. Biroq...
Biroq buning uchun uchastkadagi yer osti suvlari darajasi, issiqlik himoyasi, yoritilish darajasi, evakuatsiya bilan bog‘liq talablar mavjud. Ko‘p qavatli turarjoylarning yerto‘la qismini foydali maydonga aylantirish yuzasidan amalda bo‘lgan shaharsozlik faoliyati sohasidagi hujjatlarni inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, bosh loyiha institutlari tomonidan 5,7,9,12 va 16 qavatli turarjoy binolarining yarim yerto‘la qismida yashash xonadonlarini joylashtirish bo‘yicha namunaviy loyihalar ishlab chiqildi. Unga muvofiq, barcha turdagi uy-joylar loyihalarida zamonaviy energiya tejamkor qurilish materiallaridan keng foydalanish nazarda tutilgan. Biroq yashash xonalarini yerto‘la qavatlarda joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Yangi qurilayotgan turarjoy binolarining yarim yerto‘la (sokol) qavatlarida yashash xonalarini joylashtirishga uchun ayrim shartlar bor, - deydi viloyat qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sayfiddin Narziqulov. - Buning uchun yarim yerto‘la qavatining kamida 1/3 qismi yer sathidan yuqorida loyihalashtirilib, yer osti suvlari yer sathidan 3 metr va undan pastda bo‘lganda, xonalarning balandligi 2,4 metrdan kam bo‘lmaganda joylashtirish mumkin. Shuningdek, xonalarning tashqi devorlari va pollarida issiqlik himoyasi ta’minlanishiga e’tibor qaratiladi.
Yarim yerto‘lalarda joylashgan yashash xonalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashqariga chiquvchi derazalar bo‘lishi kerak. Yorug‘lik tushishi va havo yaxshi aylanishi lozim. Oshxonada taom tayyorlash uchun elektr plitalardan foydalanilganda tabiiy va suyultirilgan gaz, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarda va boshqa materiallarda ishlovchi qurilmalar bo‘lmasligi kerak.
2021 yil oktyabr oyida ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalarini biznes uchun ajratish qoidalari tasdiqlangan edi. Yerto‘lalardan do‘kon, kioska, sartaroshxona, kafe va boshqa maqsadlarda ham foydalanish mumkin. Biroq ular faqat ko‘p qavatli uylarda yashovchilarning roziligi bilan ajratiladi.
Dilmurod To‘xtayev.