Yarim yilda prokurorlar qanday ishladi?

2021 yilning birinchi yarim yilligida viloyatdagi prokurorlarning qarori va taqdimnomasi asosida 2930 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy, moddiy javobgarlikka tortildi, noqonuniy qarorlarga nisbatan 1693 ta protest keltirildi. Sudlarga 13,2 milliard so‘mlik 652 ta da’vo arizalari kiritildi.

O‘tkazilgan tekshiruv va jinoyatlarni tergov qilish jarayonida 36,4 milliard so‘mlik zararlarning undirilishi hamda mahalliy byudjetga tushishi ta’minlandi. Qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 211 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bu kabi tahlil va raqamlar Samarqand viloyati prokurori R.Masharipov raisligida prokuratura organlarining viloyatda qonuniylikni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, Prezidentning Farmon va Qarorlari ijrosini ta’minlash borasida 2021 yil 1-yarmidagi faoliyat yakunlari va kelgusidagi vazifalarni belgilash bo‘yicha kengaytirilgan hay’at majlisida aytildi.

Onlayn tarzida o‘tkazilgan tadbirda viloyat prokuratura organlarining prokuror-tergov xodimlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi, tuman va shahar bo‘limlari boshliqlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash borasida ko‘rilgan choralar natijasida 5 mingdan ortiq prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi, 1653 nafar fuqaro huquqlari tiklandi.