Yashil qit’a mo‘’jizasi haqida nimalar bilasiz?
Dunyodagi eng katta va qadimiy qoyatosh - Ayers-Rok - Avstraliya qit’asining eng g‘aroyib va diqqatga sazovor joylaridan biri hisoblanadi.
Ayers-Rok – to‘q sariq-jigar rangli tuxum shaklidagi qoyatosh bo‘lib, taxminan 680 million yil ilgari shakllangan. Uning oval shaklidagi “bukri”sining uzunligi 2,4 kilometr, eniga 1,6 kilometrga cho‘zilgan, balandligi esa 348 metrni tashkil etadi. Bu qoya Peterman nomli katta tog‘lar zanjiridan uzilib qolgan qismidir. Bugungi kunda ushbu ulkan qoyatosh Uluru-Kata Tyuta milliy parkining diqqatga sazovor joylardan biriga aylangan.
Tadqiqotlarga ko‘ra, ushbu qoyatosh asrlar davomida tabiatning tashqi kuchlari ta’sirida eroziyaga uchrashi natijasida yuzaga kelgan. Jarayonda omon qolgan qoyatosh qoldiqlarini cheksiz Tibest sahrosi, Arabiston cho‘llari va AQShdagi Haykallar vodiysida ham uchratish mumkin. Rio de Janeyrodagi Shakarqamish qoyasi ham xuddi Ayers-Rok kabi eroziya natijasida paydo bo‘lgan tosh qoldiqlardan hisoblanadi. Ammo, Ayers-Rokning taqdiri o‘zgacha, u kattaligi, go‘zalligi hamda yuzlab kilometrga cho‘zilgan tekislikning o‘rtasida joylashgan ulkan qoyatosh sifatida qad rostlab turibdi.
Bepoyon sahro o‘rtasida cho‘zilib yotgan ulkan qoyatoshni XIX asrda yevropaliklar orasida birinchi bo‘lib Ernest Djayls ko‘rgan ekan. U Amadiyes ko‘li qirg‘oqlariga borganida uzoqda joylashgan qoyatoshni ko‘rganu, ammo, yoniga borolmagan. Bir yildan so‘ng ingliz tadqiqotchisi Uilyam Goss mazkur mo‘’jiza qoyaga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgan va uni Janubiy Avstraliya davlat kotibi Genri Ayers sharafiga «Ayers-Rok» deya nomladi.
Qoyaning aylanasi 9 kilometrga teng bo‘lib, eng tepasiga chiqish uchun 1.6 kilometrga cho‘zilgan past-baland so‘qmoqlardan ko‘tarilish kerak. Eng xavfli burilishlarga temir to‘siqlar o‘rnatilgan bo‘lsa-da, bu balandlikni yengib o‘tish barchaning ham qo‘lidan kelavermaydi.
Ayers-Rok cho‘qqisidan qaralsa to‘rt tarafga cho‘zilgan sahroning ajoyib manzarasi namoyon bo‘ladi. Qoya tagida ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan asriy evkalipt va akatsiya daraxtlarining endigina yashillikka burkanayotganiga ko‘zingiz tushadi.
Avstraliyaning tub aholisi - aborgenlar tilida Uluru deb atalgan bu qoyatosh ming yillar davomida muqaddas joy sifatida ardoqlab kelingan. Ular o‘z farzandlarini uning nomi bilan atab keladi. Ammo, qoyada yovvoyi hayvonlarnikiga o‘xshash ulkan izlarni ko‘rgach, aborgenlar orasida Uluru nomi bilan bog‘liq ko‘plab qadimiy afsonalar paydo bo‘lgan ko‘rinadi.
Aborigenlar afsonaviy ulkan va dahshatli it - Kura-Puni qoyadan pusib tushib qarorgoh ahliga qiron keltiradi degan rivoyatlarni to‘qib chiqarishgan. Aytishlaricha, Kukabarra nomli qush qattiq ovozda qichqirib, odamlarni bu xavfdan ogoh qilgan ekan.
Qoya atrofidagi g‘orlarda aborigenlarning ilohiy marosimlari tasvirlangan ko‘plab suratlar saqlanib qolgan. Shuning uchun Ayers-Rokni bemalol Avstraliyaning tub aholisining ilk madaniyati o‘choqlaridan deyish mumkin. G‘orlarning eng yirigi uzunligi 800 metr, balandligi esa 30 metrga yetadi. Yomg‘irlar mavsumida qoya tuynuklardan sizib chiqqan suvlar g‘ordagi uchta kichik ko‘lni ham to‘ldirib turadi. Shuning uchun qurg‘oqchilik davrida mahalliy aholi shu g‘orlarga kirib jon saqlaydi.
Ayers-Rok quyoshning chiqishi va botishida turlicha ko‘rinadi. Tosh-monolit kunning turli vaqtlarida buqalamundek o‘zgarib turadi. Bir alvon rangga kirsa, ba’zida ko‘k, yashil va jigar rangda tovlanadi. Vaqt va tabiat qoya tepasiga ishlov berishda rosa «bosh qotirgan» ko‘rinadi. Chunki ular qoya tepasidagi minglab teshik va tuynuklarni qoldirgan.
O‘tgan asrning o‘rtalarida shu hududga magistral avtomobil yo‘li tortilgach, sayyohlar qoyatoshni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Avstraliyaning qoq markazida joylashgan, borish qiyin bo‘lgan hududdagi g‘aroyib qoyatoshni ko‘rish istagida bo‘lgan sayyohlar soni yildan yilga oshib bormoqda. Ular dunyoning turli burchaklaridan jahonda tengsiz bo‘lgan g‘aroyib qoyatosh va go‘zal landshaftdan bahra olish uchun turli yo‘llar bilan tashrif buyurishmoqda.
Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.