Yaxshilarni eslamoq – savob
Mehrini qizg‘anmagan odam
(Davlat va jamoat arbobi Turdi Nasriddinovni yod etib)
Bu bag‘rikeng insonni yoshi ulug‘larning aksariyati talabchan, halol va tashkilotchi rahbar sifatida hozir ham eslashadi. Negaki Turdi aka qayerda ishlamasin, bitta shiorga amal qilgan: odamlardan mehrni qizg‘anmaslik kerak, halollikdan chekinmaslik lozim. Binobarin, bunga o‘zim guvoh bo‘lganman…
1979 yilda ob-havo paxtachilik uchun nihoyatda og‘ir keldi. Buning ustiga ok¬tabr oyi¬da boshlangan yog‘ingarchilik uzoq davom etdi. O‘shanda Turdi aka Past Darg‘om tumani birinchi rahbari edilar, men tuman partiya qo‘mitasi qishloq xo‘jaligi bo‘limi mudiri va shu bilan birga paxta shtabining boshlig‘i edim.
Xullas, 1 noyabrgacha 72 ming 800 tonna paxta topshirib, yillik rejani 95 foizga uddaladik. Ammo ana shu qolgan 5 foizlik hosilni yig‘ishtirib olish eng mashaqqatli ish edi. Safarbarlikda har qancha harakat qilmaylik, bir kunda 0,12-0,20 foizdan ko‘p hosil topshirolmaymiz. Qancha qiyin bo‘lmasin, 22 noyabrga borib, rejani uddaladik.
Turdi aka bilan kuniga o‘n martalab bog‘lanaman, yangi topshiriqlar olaman. Shunda u kishiga boshqa tumanlar kabi qarz olib turib, rejani bajarib qo‘yish va keyinchalik bemalol hosilni terib, topshirish takliflari ham bo‘lgan. Lekin birinchi rahbar bunday takliflarni mutlaqo qabul qilmasdi.
- Kuchimiz yetadigan ishni o‘zimiz qilaylik. Yolg‘onga o‘rgansak, odamlar nima deydi. Qolaversa, bu yil qilgan kamchiliklarimizdan xulosa chiqaraylik, - dedi.
Ochig‘i, ko‘pchilik tumanning birinchi rahbaridan bunday gapni eshitishga o‘rgangan, shuning uchun ham aksariyat rahbarlar qat’iyat bilan ishlashga harakat qilishardi.
T.Nasriddinov bunday xislatni, tabiiyki, ota-onasidan – uni 1934 yil 15 avgustda dunyoga keltirgan ma’rifatli kishilardan olgan. Narpaydagi o‘zi tug‘ilib o‘sgan Didan qishlog‘idagi maktabda, undan keyin boshqa ilm maskanlarida, va nihoyat, tuman yoshlar qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib ishlaganida ham bu xislatlari unga doimo hamdam bo‘ldi. Tengqurlariga ibrat ko‘rsatish barobarida rahbarlar nazariga tushdi. Ehtimol, shuning uchun 13 yillik mehnat staji bilan Narpay tuman ijroiya qo‘mitasi raisligiga loyiq ko‘rildi. Undan keyin yangi tashkil etilgan Paxtachi hamda aholisi zich joylashgan Xatirchi tumani bi¬rinchi rahbari bo‘lib ishladi. Past Darg‘omda esa 9 yil davomida tuman ahlining quvonchu tashvishini baham ko‘rib ishladi. Turdi aka mahallalarga borishdan erinmasdi. Kiyinishi ham oddiy edi. Ayniqsa, joylarga borganda, dehqonlar bilan erkinroq suhbatlashishni yoqtirardi. Shuning uchun tuman 1983 yil yakunlariga ko‘ra, o‘sha davrdagi ittifoq Oliy soveti prizidiumi, Ministrlar soveti va Kasaba uyushmasining ko‘chma bayrog‘i bilan taqdirlangan edi. Ana shu zafar bahonasida tumandagi juda ko‘p dehqonlar, qishloq xo‘jaligiga aloqador tashkilotlar xodimlari aynan tuman partiya qo‘mitasi birinchi kotibining tavsiyasi bilan rag‘batlantirildi.
Ko‘p o‘tmay u kishining tashabbusi bilan «Xonchorbog‘» va Sharof Rashidov nomli xo‘jaliklar hududlaridan 10 ming gektar yangi maydonlar o‘zlashtirildi, kanallar qazildi, yangi xo‘jaliklar barpo etildi. Asosiysi, ana shu joylarda yangi uy-joylar qurilib, aholining yaxshi yashashi uchun sharoitlar yaratildi.
Har bir davrning o‘z siyosati, o‘z qahramonlari bo‘ladi. Ikki yil ichida tumanimizda paxta yetishtirish hajmi 80 ming tonnaga yetkazildi. Ana shundan keyin tumanning birinchi rahbari nufuzli orden bilan taqdirlandi. Undan keyin ham Turdi aka davlatning ikkita ordeniga munosib ko‘rildi. 1980 yilda respublika Oliy soveti deputatligiga saylandi. Nafaqaga chiqqanidan so‘ng ham ancha muddat viloyat donchilik boshqarmasini boshqardi.
Albatta, T.Nasriddinov halolligi, qat’iyatliligi, talabchanligi boshqa rahbarlar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanardi. Shuning uchun yosh iqtidorlarga alohida e’tibor berilardi. Ana shu mehribonliklardan bahramand bo‘lgan Shavkat Esonov, Tifli Bobonorov, Xolmamat Mustanov, Mirzayor Xudoyorov, Mo‘min Xolov, Azamat Ro‘ziqulov, Muhiddin Beknazarov, Murod Po‘latov, Bahriddin Hamrayev, Umbar Mamanov, Nasaf Nishonovlar pirovardida elga taniqli rahbarlar bo‘lib yetishdilar.
Turdi aka samimiy, oddiy inson bo‘lganligi tufayli darvozasi doimo ochiq bo‘lardi. Turmush o‘rtog‘i Ruhiya opa mehmon kutishdan erinmasdi. Ular barcha farzandlarini mehnatkash, ilmli, halol yo‘lda tarbiyalashdi. Nodira o‘qituvchilikni, Ilhomjon qurilishni tanladi. Ikromjon esa (joyi jannatdan bo‘lsin) uzoq yillar prokuratura tizimida faoliyat ko‘rsatdi.
Jaloliddin Rumiy hazratlari "O‘limimdan so‘ng meni qaro yerdan emas, ma’rifatli insonlar qalbidan izlang" degan. Bugun Paxtachi, Xatirchi, Past Darg‘om tumanida yashayotgan ma’rifatli odamlardan u kishi haqidagi ezgu xotiralarni eshitgach, allomamizning haqligiga yana bir karra ishondim. Juma shahridagi ko‘chalardan birining ham Turdi Nasriddinov nomi bilan atalishi qat’iyat va halollikka, xalqqa bo‘lgan mehrga ana shu xalqning ehtiromi deb bilaman. Umuman, bu inson el o‘rtasida ezgu fazilatning timsolini yarata oldi. Agar hayot bo‘lganida Turdi aka 90 yoshga to‘lgan bo‘lardi. Lekin u kishining xalq tasavvurida qolgan samimiy siymosi, qilgan barcha yaxshi ishlari hamon biz bilan birga.
Muxtor SATTOROV,
mehnat faxriysi.